Gvardiola: Husanov — “Manchester City”ning eng muvaffaqiyatli transferlaridan biri
“Manchester City” bosh murabbiyi Pep Gvardiola O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov haqida iliq fikr bildirib, uni klubning so‘nggi yillardagi eng muhim transferlaridan biri deb ta’kidladi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati xabar berdi.
Gvardiolaning so‘zlariga ko‘ra, Husanov nafaqat markaziy, balki chap qanot himoyachisi sifatida ham ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. U yosh bo‘lishiga qaramay, jismoniy holati va tezligi bilan Kayl Uokerning eng yaxshi davrlarini eslatmoqda.
— U hujumda ko‘p imkoniyat yaratmasligi mumkin, biroq o‘yini barqaror va ishonchli. Juda diqqatli, o‘rganishga chanqoq va murakkab raqiblarga qarshi ham o‘zini yuqori darajada namoyon eta oladi. Yoshi kichik bo‘lishiga qaramay, allaqachon katta yo‘lni bosib o‘tdi: avval Fransiyada moslashdi, keyin esa qisqa fursatda bizning jamoaga qo‘shilib ketdi. Ishonchim komilki, u tez orada barcha uchun “City”ning eng yaxshi transferlaridan biri ekanini ko‘rsatadi, — dedi Gvardiola.
Murabbiyning fikricha, Husanov tez orada klubning asosiy poydevor o‘yinchilaridan biriga aylanishi va uzoq yillar davomida “Manchester City” tarkibida o‘z o‘rnini mustahkamlashi mumkin.




