AQSh prezidenti Donald Tramp 19-sentyabr kuni xorijiy fuqarolarga mamlakatda yashash huquqini tezlashtirilgan tartibda beruvchi Trump Gold Card dasturini yo‘lga qo‘yish haqida farmon imzoladi.
Dastur shartlariga ko‘ra, 1 mln dollar to‘lashga rozi bo‘lgan yuqori malakali yoki iqtidorli xorijliklar Gold Card olish huquqiga ega bo‘ladi. Agar bu hujjatni AQSh kompaniyasi o‘z xodimi uchun olishni xohlasa, 2 mln dollar to‘lashi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, 5 mln dollar hissa qo‘shganlarga Trump Platinum Card taqdim etiladi. Platinum Card egalari AQSh tashqarisida topgan daromadlari uchun soliq to‘lashdan ozod qilinadi.
Prezident Trampning ta’kidlashicha, ushbu dastur “juda muvaffaqiyatli va samarali insonlarni” jalb qiladi. “Ular bu yerga kelish uchun katta mablag‘ sarflaydi. Natijada mamlakatga milliardlab dollar kiradi”, — dedi u.
AQSh savdo vaziri Govard Latnikning so‘zlariga ko‘ra, yangi dastur mamlakatga yangi biznes ochib, ish o‘rinlari yaratadigan investor va mutaxassislarni olib keladi. Natijada davlat byudjetiga 100 mlrd dollardan ortiq mablag‘ tushishi kutilmoqda.




