16:40 / 01.10.2025
0

Qirg‘izistonda o‘lim jazosi qayta tiklanishi mumkin

 


Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda o‘lim jazosini joriy etish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lum qildi.


Prezidentning ko‘rsatmasiga ko‘ra, Adliya boshqarmasi rahbari Murat Ukushev qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar ishlab chiqishi lozim. Yangi tashabbus bolalar, qizlar va ayollarga qarshi jinoyatlar uchun eng og‘ir jazo choralarini belgilashni, xususan zo‘rlash va zo‘rlab o‘ldirish kabi jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qayta joriy etish masalasini muhokama qilishni nazarda tutadi.


Mazkur tashabbus Issiqko‘lda yuz bergan fojiali voqea ortidan ilgari surildi. 17 yoshli Aysuluu 27-sentyabr kuni bedarak yo‘qolgan, ikki kundan so‘ng uning jasadi Boom darasidan topilgan. Qo‘lga olingan 41 yoshli erkak qizni o‘g‘irlab, zo‘rlaganini va o‘ldirganini tan olgan. U avval jasadni Issiqko‘l bo‘yida ko‘mib, keyinroq qazib olib Boom darasiga tashlagan.


Ma’lum bo‘lishicha, gumonlanuvchi ilgari ham jinsiy zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilgan, biroq jazo o‘talmagan. Prezident Japarov hodisadan chuqur qayg‘uga tushib, ishni shaxsan nazoratiga oldi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing