Bugun, 25-dekabr Turkiston mustaqilligi uchun kurashchi, Turkiston muxtoriyati hukumati Bosh vaziri Mustafo Cho’qayning tavallud topgan kuni
Bugun, 25-dekabr Turkiston mustaqilligi uchun kurashchi, Turkiston muxtoriyati hukumati Bosh vaziri Mustafo Cho’qayning tavallud topgan kuni.
Mustafo Choʻqay faqat turkistonlik muhojirlar oʻrtasidagina emas, balki Gʻarbdagi, ayniqsa, Olmoniya va Turkiyadagi sharqshunos olimlar dunyosida katta obroʻ qozongan, yuksak nufuzga ega boʻlgan bir zotdir. Alloma bu eʼtiborga bir vaqtlar Turkiston muxtoriyatining boshida turgani uchungina emas, ikkinchi jahon urushi chogʻlarida turkistonlik yurtdoshlaridan ancha-muncha odamni oʻlim changalidan tortib olib, asrab qolgani uchungina emas, balki Turkiston mustaqilligi yoʻlidagi fidokorona faoliyati tufayli, koʻpgina teran va xolisona ilmiy asarlari tufayli erishgan. Chet ellarda uni «turklarning buyuk milliyotchisi va yurtsevarlaridan biri» deb eʼzozlaydilar.
1917-yildagi “Oktyabr to’ntarishi” dan keyin bolsheviklar har qanday yolg’on va soxtakorlik bilan bo’lsa-da o’zi yaratgan tuzumni, siyosatni alqab, eski tuzumni qoralashga harakat qildi. Bu davrda haqiqiy millat farzandlari, erk tomon talpinuvchi ko’plab insonlar “jadid” yoki “bosmachi” nomi ostida “qatag’on mashinasi” dan omon qolmadi.
Ozod Sharaffidinov aytganidek, “Ming xil chig‘iriqlardan o‘tib, 30-yillarga yetib kelganlari Stalin jallodlari tomonidan qatli om qilindi. O‘z vaqtida vatanini tark etib ulgurgan, muhojirlikning og‘ir, minnatli nonini yeb, o‘ta murakkab sharoitlarda jon asraganlarga esa «sovetlarning ashaddiy dushmani, vatangado xoinlar, aksilinqilobchilar, millatchilar» degan qora tamg‘a yopishtirildi. Ularni qoralashga rasman fatvo berildi. Tarixchimi, adabiyotshunosmi, iqtisodchimi, faylasufmi, xullas, olim zoti borki—hammasi ularning bironta asarini, biron maqolasiny o‘qimasa-da, hayot yo‘lini bilmasa-da, siyosiy, adabiy, falsafiy qarashlaridan bexabar bo‘lsa-da, qarshi chiqmog‘i, munozaraga kirishib, qarashlarini rad etmog‘i, behayo so‘zlar bilan so‘kib, loyga qorishtirmog‘i ham farz, ham qarz edi. Bunday olimlar rag‘batlantirilar, «mafkuramizni mustahkamlash ishiga hissa qo‘shgan qahramonlar» deb baholanardi. Buni qarangki, muayyan yillarda ana shunday «aksil targ‘ibotchilik», chet ellardagi o‘zbek muhojirlarini yoki boshqa millatlarga mansub sharqshunos olimlarni fosh qilish ayrim «olimlar» uchun tirikchilikning oson yo‘l aylandi. Ancha-muncha odamlar bu yo‘ldan borib, mansab pillapoyalaridan ko‘tarildilar va soxta shuhrat egalariga anlandilar. Bugun bularning hammasi yolg‘on bo‘lib chiqdi. O‘sha «fosh etilgan», urilgan, so‘kilgan sovetshunoslarning ko‘p gaplari to‘g‘ri ekan — ular chetdan turib, Turkistonning zavolli ahvoli, achchiq taqdiri to‘g‘risida bizga qaraganda to‘g‘riroq va teranroq fikr yuritishgan ekan. Zamon o‘zgardi, katta qiyinchiliklar, talafotlar evaziga bo‘lsa hamki, oshkoralikka erishdik, asta-sekin so‘z erkinligi kirib kelyapti. Bugun Vali Qayumxon, Boymirza Hayit, Buloqboshi, Temirxo‘ja kabi o‘zbek muhojirlarining nomini bemalol tilga oladigan, asarlarini chop etadigan bo‘lib qoldik. Hatto o‘zbek yozuvchilarining so‘nggi qurultoyida Boymirza Hayit yozuvchilar uyushmasiga qabul qilindi. Ana shu muhojirlar safida Mustafo Cho‘qay alohida o‘rin tutadi.
Afsuski, ana shunday inson haqida deyarli hech narsa bilmaymiz. To‘g‘rirog‘i, bilganimiz — hukmron mafkuraning bu odam haqida miyamizga quygan yolg‘on-yashig‘idan o‘zga narsa emasdi. Mustafo Cho‘qayning nomi 20-yillarda ko‘p tilga olinardi. Ammo har xil qurultoy, mafkuraviy anjumanlarda, inqilobiy mavzularda yozilgan risola va kitoblarda u ashaddiy xalq dushmani, milliy burjua mafkurasining yetakchi namoyandasi, sovet hokimiyatiga qarshi kurashgan, bosmachilik harakatini uyushtirgan bir kimsa sifatida ta’riflanadi. 30-yillarning o‘rtalarida ham turli munosabatlar bilan Mustafo Cho‘qay tez-tez tilga tushib turdi. Jumladan, 1930 yilda O‘zbekiston SSR Oliy sudining sobiq raisi Sa’dulla Qosimov ustidan bo‘lgan sud jarayonida davlat qoralovchisi R. Katanyanning ayblov nutqida yoki O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Akmal Ikromov so‘zlagan ma’ruzalar yoxud nutqlarda shunday bo‘lgan. Biroq 1937 yildan keyin xuddi birov buyruq berganday, Mustafo Cho‘qay nomi matbuot sahifasidan butunlay o‘chib ketadi, go‘yo bu odam, umuman, hech qachon yashab o‘tmagandek, uning to‘g‘risida lom-mim deyilmaydi. Faqat 1985 yildan keyingina olim haqidagi gaplar yana tiklandi, biroq bu gal yangi asosda, yangicha munosabat bilan tiklandi; ba’zi asarlari matbuotda e’lon qilina boshlandi.
Mustafo Cho‘qay 1890 yilning 17 yanvarida (bu yerda tug‘ilgan kun sanasi eski hisobda keltirilmoqda) Oqmachit shahrida tug‘ilgan. Oqmachit hozir Qizil O‘rda viloyatining markazi. Otasi Cho‘qaybey To‘rg‘ay Dodho o‘g‘li (1811—1918) o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan arboblaridan bo‘lgan. U o‘g‘lini ilmli, ma’rifatli qilib tarbiyalash yo‘lida qo‘lidan kelgan ishni ayamagan. Mustafo boshlang‘ich ma’lumotni Oqmatchitda ona tilida eski maktabda oladi. O‘g‘lidagi iqtidorni va ilmga havasni payqagan ota eski maktab ta’limi bilan cheklanish mumkin emasligini yaxshi tushunadi va uni Toshkentga yuboradi. Bu yerda Mustafo gimnaziyada rus tilida tahsil ko‘radi. Uni a’lo bahoda bitirgach, Peterburgga yo‘l oladi. Mustafo Peterburg dorilfununining huquq kulliyotini ham zo‘r muvaffaqiyat bilan tugatadi. Dorilfununda o‘qir ekan, Mustafo faqat huquqshunosliq ilmlariga qiziqish bilan kifoyalanmay, ayni choqda, til o‘rganish bobida ham favqulodda iqtidor egasi ekanini namoyish etadi. Mustafo Cho‘qay ham bevosita siyosiy faoliyat maydoniga kirib qoladi. Tabiiyki, yosh Mustafoni hammadan avval ona yurt taqdiri qiziqtirar edi. U Turkistonni mustamlaka kishanlaridan xalos ko‘rishni istar, o‘lka xalqlari o‘z taqdiriga o‘zi xo‘jayin bo‘lgan holda taraqqiyot yo‘liga chiqib, boshqa ilg‘or mamlakatlar qatoridan o‘rin olishini xohlardi. U inqilob arafalarida yozgan maqolalarida Turkiston mustaqilligi uchun kurash g‘oyalarini keng targ‘ib eta boshladi. Shunday qilib, Mustafo Cho‘qay Turkiston manfaatlarini chuqur tushunadigan ilg‘or fikrli ziyolilarning oldingi qatoridan o‘rin egallaydi. Fikri teran, qalami o‘tkir bo‘lgani uchun uni hatto Rossiya Dumasiga ishga olishadi.
«1917 yil inqilobi boshlangan kezlarda,— deb yozadi Mustafo Cho‘qay «1917 yil xotira parchalari» kitobida,— men Peterburgda edim. U zamonda men Rossiya Dumasi (parlamenti) Musulmon fraksiyasi qoshidagi byuroda Turkiston vakili edim. Turkiston haqida materiallar to‘plar va davlat dumasidagi musulmon millat vakillariga Turkiston bilan bog‘liq masalalar haqida kerakli materiallarni hozirlab berardim». 1917 yil fevral inqilobi amalga oshib, podsho taxtdan voz kechishi haqidagi Manifestni e’lon qilgan kuni Mustafo Cho‘qayni Toshkentga taklif etadilar. Biroq Toshkentdan kelgan telegrammada 1917 yilning aprelida Orenburgda Umumqozoq Kongressi bo‘lishi ma’lum qilingan va unda Mustafo Cho‘qayning Turkiston vakili sifatida qatnashishi iltimos etilgandi. Mustafo Cho‘qay Orenburgga yo‘l oladi, biroq manzilga yetguncha yo‘lda — Penzada to‘xtab o‘tishga to‘g‘ri keladi. Penzadagi voqea Mustafo Cho‘qayning ona yurtga muhabbati mazhum narsa emas, balki vatanning xo‘rlangan, qiynalgan, ezilgan farzandlariga chinakam g‘amxo‘rlik tarzida namoyon bo‘lganini ko‘rsatadi. Mustafoning o‘zi quyidagicha yozadi: «Yo‘lda Penza shahrida turkistonliklarimizga duch keldim. Bu yerda Turkiston ishchilari to‘la o‘nlarcha vagon bir chekkaga chiqarib qo‘yilgandi… Bu bechoralarning turmushi va oqibatidan xabar oladngan biron kimsa yo‘q edi. Shu tarzda unutilgan turkistonliklar nima qilishlarini bilmay nochor ahvolda qolgan edilar.» Mustafo Cho‘qay Turkiston vakili sifatida bekat boshlig‘iga murojaat qiladi, undan ish chiqmagach, viloyat komissari bilan gaplashadi. Bundan ham natija chiqmaydi. Ishga viloyat ishchi-askar deputatlari sho‘rosi aralashadi va Mustafoning qiyin-qistovi bilan turkistonlik ishchilar tushgan vagonlar ona yurt tomon yo‘l oladi.
Mustafo Cho‘qay xotiralarida keltirilgan bu voqea uning tabiatini, g‘ayrati ichiga sig‘maydigan faoliyat kishisi ekanini, yurtdoshlarining taqdiriga hech qachon loqayd tomoshabin bo‘lib qaramaganini ko‘rsatadi.
Mustafo Cho‘qay Orenburgda bir necha kun bo‘ladi. U yuqorida zikr etilgan xotiralarida Birinchi umumqozoq qurultoyi g‘oyat baland ruhda o‘tganini yozadi. Qurultoy qozoqlarning milliy uyg‘onishida katta ahamiyat kasb etishi bilan birga, barcha turkiy xalqlarni Turkiston mustaqilligi g‘oyasi atrofida birlashishiga ham yordam bergan. Qurultoy ishida Fotih Karim, Munavvar qori Abdurashidov kabi taniqli ziyolilar ishtirok etgan. Ularning nutqlari qurultoy ahlida katta taassurot qoldirgan. Mustafa Chuqay buni ham yorqin bo‘yoqlarda tasvirlaydi:
«Munavvar qorining «O‘zbek qardoshlaringizdan salom keltirdim» deya boshlangan tabrik so‘zlarini qozoq bo‘zqirlaridan kelgan vakillarda uyg‘otgan tuyg‘ulari, chuqur ta’siri men uchun unutilmas bir xotiradir. Munavvar qorining ilk jumlasini oyoqqa turib qarshilagan majlis ahli unga uzoq olqishlar bilan javob berdi. Ko‘pgina yosh vakillar uni ko‘z yoshlari bilan tingladilar. Qozoq bo‘zqirlarining olis go‘shalaridan kelgan vakillar «endi biz ham qon va jon birligimizni, qardoshligimizni ochiqcha so‘ypay oladigan bo‘ldik» deyaroq ko‘zlari yoshlandi. Orenburg va umum turq-tatarlar nomidan Fotih afandi Karimiy qurultoyni qutladi. Shunday qilib, qurultoy buyuk Turq xalqining uch kuchli qo‘li orasidagi mustahkam bogliqlikni namoyish etgan bir sahnaga aylandi.»
Mustafo Cho‘qay Orenburgdagi ishlarini bitirgach, Toshkentga keladi. 1917 yilning bahor kezlarida Toshkentdagi siyosiy hayot qaynab turgan qozonni eslatardi. Kurash jabhasida har xil ijtimoiy toifalar manfaatiga xizmat qiluvchi siyosiy kuchlar faoliyat ko‘rsatardi. Toshkentda ham qo‘sh hokimiyatchilik davom etar, yurtni Muvaqqat hokimiyat komissari bilan bir qatorda ishchi va askar deputatlari Soveti ham boshqarardi. Sovetning tarkibi xilma-xil bo‘lib, unda eserlar, kadetlar, bolsheviklar va musulmonlar fraksiyasi mavjud edi. O‘rtada inoqlik yo‘q edi. Shuningdek, shaharning siyosiy hayotida yana ikki tashkilot — «Ulamo jamiyati» bilan «Sho‘roi islomiya» ham katta rol o‘ynardi. Biroq bular ham ahil bo‘lib ish tutish o‘rniga o‘zaro nizolarga berildilar va ko‘p o‘tmay, ixtiloflar oshkora kurashga aylanib ketdi. Bundan foydalangan bolsheviklar ularni tor-mor keltirdi va 1917 yilning o‘rtalarida boshqa partiyalarni Toshkentdan quvib yuborishdi. Shu tarzda Mustafo Cho‘qay Qo‘qonga keladi va siyosiy-inqilobiy faoliyatini davom ettiradi. Bu paytda u musulmonlar o‘lka sovetining («Sho‘roi islomiya») raisi edi. Qo‘qonda biroz bo‘lgach, vaziyatni o‘rganish, xalq kayfiyatini bilish uchun Marg‘ilonga boradi. Turkiston o‘lkasining Andijon, Toshkent, Samarqand, Chimkent, Avliyo-ota kabi shaharlari bilak yaqindan aloqada bo‘ladi. 1917 yilning 31 oktyabrida bir guruh bolshyoviklar Toshkentda hokimiyatni qo‘lga kiritishadi va Turkistonda sovet hokimiyatini e’lon qilishadi. O‘lkada siyosiy vaziyat favqulodda tus oladi. Bunday sharoitda O‘lka musulmonlar Soveti ham o‘z faoliyatini kuchaytiradi.
1917 yilning 9 dekabrida ertalab soat 10 da Qo‘qon shahrida o‘lka musulmonlarining favqulodda qurultoyi ochiladi va Turkiston muxtoriyati e’lon qilinadi. Qurultoyda muxtoriyatni idora qiluvchi Xalq Kengashi saylanadi. Kengash o‘z navbatida Muxtoriyat hukumatini saylaydi, Uning birinchi raisi taniqli jamoat arbobi, Alash O‘rda partiyasining rahbarlaridan biri Tinishboyev bo‘lgan edi. Ammo u bori-yo‘g‘i bir hafta raislik qildi. Hozircha bizga noma’lum sabablarga ko‘ra u iste’foga chiqadi, o‘rniga Mustafo Cho‘qay tayinlanadi
1918-yilning fevralida Turkiston Muxtoriyati qonga botirilgach Mustafo Cho‘qay Orenburg, Mangʻishloq, Boku va Tbilisi shaharlarida bolsheviklar hukmronligiga qarshi siyosiy faoliyatini davom ettiradi. Biroq bu shaharlar ham birin-ketin bolsheviklar qoʻliga oʻtgach (1921-yilning mart oyida), Rossiyani tark etib Istanbulga boradi. Lekin Istanbulda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lolmagach, u yerda bir necha oy qolib xotini bilan Parijga ko‘chib ketadi.
Mustafo Cho‘qay “Yosh Turkiston” jurnalining 1931-yilgi 18-sonida chop etilgan maqolasida “Milliy ziyoli deganda kimni tushunish kerak?” degan savolni o‘rtaga tashlab, bu mavzuda atroflicha o‘zining mulohazalarini bildirgan. Uning fikricha, har bir tahsil ko‘rgan odamni ziyoli deyish to‘g‘ri emas. Balki “…gazeta orqasidan yurgan, aniq va yalpi g‘oya tevaragida to‘plang‘on o‘qimishlilarnigina ziyoli…” deb atash mumkin. Shu bilan birga u milliy ziyolilar qatlamiga o‘z xalqining siyosiy, ijtimoiy va ruhoniy yo‘lida xizmat etayotgan ziyolilarnigina kiritish mumkin deb hisoblagan.
Mustafo Cho‘qay Turkistonning milliy manfaatlari yo‘lida taraqqiyparvarlar bilan birgalikda kurash olib bordi, maslakdoshlarining yutuqlaridan sevindi, keyinchalik ularning aksariyati g‘addor sovet qatag‘on mashinasi tomonidan yanchib tashlangach, butun vujudi o‘t bo‘lib yondi, cheksiz g‘am va anduh Mustafoning qalbini butkul chulg‘ab oldi. U tomonidan yozilgan quyidagi so‘zlar ana shu g‘am-anduhning nechog‘lik og‘ir ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi: “Qadarning og‘ir zarbalarig‘a biz anchag‘ina sovuqqonliq ila chidashqa o‘rganishib qolg‘on edik. Vatanimiz qizil jallodlarining qonli diktaturasi ostida… Turkistonda bu kun, Moskov diktaturasina qurbon tushgan bir yo bir necha yaqini uchun qalbida, ruhida motam tutmag‘on bir oila yo‘qdir. Asablar ham hissizlashib qolg‘on va umumiy milliy fojiamizning so‘ngsiz teranligi ichinda, hatto eng yaqin odamlarimizning-da ziyosi sezilmay o‘tib ketaturg‘on bo‘lib qolg‘on edi. Faqat, ba’zi ziyolilarda bordirki, bundan og‘ir fojialar ichinda-da insonning yuragini olovlantirib dahshatli yaralar ochadir… Inson bu ziyolilar haqinda xabar olg‘oni zamon asablar yangidan avvalgi hassosligini kesib ketadir va butun fojialarni yangidan yashamoqqa boshlaydir… Mana shunday holni biz hozir yashab turibmiz”.
Munavvarqori Abdurashidxonov 1931-yilda “Milliy ittihod” ishi doirasida qamoqqa olinib, keyinchalik Moskvada otib tashlangach, bu to‘g‘rida o‘ziga yetib kelgan xabarga Mustafo Cho‘qay dastlab ishonmadi, aniqrog‘i ishona olmadi: “Xususiy muxbirimiz uzoq Hindistondan bizga Munavvarqorining Sovet hukumati tomonidan otib o‘ldirilganligi haqinda qisqacha bir xabar yo‘llamishdir. Bu xabar bizga dekabr oyining boshlarida kelib yetushgan esa-da, shoyad to‘g‘ri chiqmas deb ko‘nglimizda saqladig‘imiz umid ila qo‘shimcha ma’lumot kutib turg‘on edik. Biz Sovet hukumatining umuman milliy ruhga, xususan turkchilikka qarshi ko‘rinishda hech bir jinoyatdan tortinmayoturg‘onlig‘ini juda yaxshi bilamiz. Buningla barobar biz Munavvardan xayolanda ayrila olmadik. Faqat, birinchi xabarni tasdiqlayturg‘on ikkinchi bir maktub ham yetib keldi… Munavvarqori Sovet hukumati tomonidan qatl etilgan”.
Mustafo Cho‘qay Munavvarqorini bolsheviklar nega o‘ldirgani to‘g‘risidagi savolga javob izlab o‘tirishning hojati yo‘qligini, javob shundoq ham aniq ekanini urg‘ulab, birgina sababi “Munavvar” shaxsiyat ekanini ta’kidladi. Haqiqatdan ham Munavvarqori Turkistonda milliy davlatchilik g‘oyasining eng matonatli, sabotli va eng nomusli targ‘ibotchilaridan biri edi.
Qadimiy Berlin shahrining ozoda va osuda ko‘chalaridan birida qabriston joylashgan. Uni Turk-islom qabristoni deyishadi. Unga sevimli vatani —Turkiston mustaqilligi yo‘lida kurashmoqdan tolmagan, o‘z vatandoshlariga qo‘lidan kelgan yaxshiligini ayamagan bir muborak zot — Mustafo bey Cho‘qayevning jasadi ham qo‘yilgan. Hatto uning vafoti ham yurtiga, vatandoshlariga muhabbatidan nishona bo‘ldi. 1941 yilda fashistlar Sovet Ittifoqiga hujum boshladi. Urushning boshlaridayoq yuz minglab sovet kishilari fashistlar tomonidan asir olindi. Bu kezlarda Mustafo Cho‘qay Parijda yashardi. Fashistlar uni zudlik bilan Berlinga olib kelishadi va asir tushgan turkistonliklardan harbiy qismlar tuzishni talab qilishadi. Mustafo Cho‘qay bu taklifni qat’iyan rad etadi, biroq asirlikdagi yurtdoshlari bilan ko‘rishib, qandaydir yo‘llar bilan ularning qismatini yengillatishga yordam beradi. Shu uchrashuvlarda u sil kasalini , yuqtirib oladi. Kasal zo‘rayib, 1941 yilning 27 dekabrida Mustafo Cho‘qayev olamdan ko‘z yumadi.
Turkiston, Bugun, Mustafo, o‘zbek, mustaqilligi, uchun, turkistonlik, muhojirlar, balki, sharqshunos, olimlar, katta, uchungina, tufayli, bilan, tuzumni, qoralashga, qilindi, bo‘lib




