Oʻzbekistonlik 2 sportchi 1,3 milliard soʻmdan ortiq pul ishlab oldi
Germaniyaning Vayssenxaus shahrida oʻn kun davomida boʻlib oʻtgan 750 ming AQSH dollari sovrin jamgʻarmasiga ega “Freestyle Chess Grand Slam” shaxmat turniri oʻz nihoyasiga yetdi. Mazkur musobaqada jahonning eng kuchli 10 nafar grossmeysteri ishtirok etib, chempionlik uchun kurash olib bordi. Ushbu nufuzli musobaqada Oʻzbekiston sharafini Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov himoya qildi.
Javohir Sindarov musobaqaga turnir startiga oz qolganda qoʻshildi. U oʻz ishtirokini afsonaviy hind shaxmatchisi Vishvanatan Anandning oʻrnini egallab boshladi. Sindarov ushbu turnirga saralash bosqichida ajoyib natija koʻrsatgani uchun Germaniyaga taklif qilindi. Qiziq tomoni, saralash finalida Sindarovni taslim etgan rossiyalik shaxmatchi Vladimir Fedoseyev turnirni oxirgi oʻrinda yakunladi.
Uchinchi oʻrin uchun kechgan bellashuvda Javohir Sindarov Norvegiyalik Magnus Karlsenga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Bu bellashuvda Sindarovda charchoq alomatlari sezildi. Bir kun avval u yarim finalda Fabiano Karuanaga qarshi 7 partiya davom etgan, 6 soatdan ortiq vaqtni qamrab olgan bahsda ishtirok etgandi. Bu ogʻir oʻyin nafaqat Sindarovga, balki finalda oʻynagan Karuanaga ham taʼsir koʻrsatdi.
Nodirbek Abdusattorov esa 5-oʻrin uchun kurashda amerikalik Hikaru Nakamuraga imkoniyatni boy berdi. Taҗribali Nakamura jahon reytingida uchinchi oʻrinni egallab turgan shaxmatchi sifatida musobaqada katta taassurot qoldirdi.
Shu tariqa, Javohir Sindarov “Freestyle Chess Grand Slam” turnirini 4-oʻrin bilan yakunladi va 60 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotga ega boʻldi. Nodirbek Abdusattorov 40 ming AQSH dollar mukofot pulini qoʻlga kiritdi. Magnus Karlsen 3-oʻrinni egallab, 100 ming dollarga ega boʻldi.
Turnirning hal qiluvchi finalida Fabiano Karuana va Vinsent Keymer oʻzaro bellashdi. Karuana 20 yoshli germaniyalik shaxmatchi Keymerga 0,5:1,5 hisobida yutqazib qoʻydi. Natijada, Vinsent Keymer Germaniyada oʻtgan musobaqaning chempioniga aylanib, 200 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotni qoʻlga kiritdi. Karuana esa 140 ming dollar mukofot bilan kifoyalandi.




