14:20 / 11.02.2025
44 037

Sindarov nomdor shaxmatchini magʻlub etib, nufuzli turnirning yarim finaliga yoʻl oldi


Maʼlumki, Germaniyaning Vayssenxaus shahrida sovrin jamgʻarmasi 750 ming AQSH dollarini tashkil qiladigan “Freestyle Chess Grand Slam” turniri boʻlib oʻtmoqda.

10-fevral kuni ushbu nufuzli turnirning chorak finali bahslari oʻtkazildi.

Unda gʻoliblik uchun kurash olib borayotgan shaxmatchimiz Javohir Sindarov amerikalik Hikaru Nakamuraga qarshi kechgan bahsda durang qayd etdi. Asosiy bahsda gʻolib aniqlanmagach, shaxmatchilar tay-brekka yoʻl olishdi.

Tay-brekda hamyurtimiz oq donalarda ham, qora donalarda ham nomdor grossmeyster Nakamurani magʻlubiyatga uchratib, “Freestyle Chess Grand Slam” turnirining yarim finaliga yoʻl oldi.

Turnirda ishtirok etayotgan yana bir grassmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov esa norvegiyalik Magnus Karlsenga qarshi ikkinchi bahsda ham imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa, Nodirbek Abdusattorov turnirda 5-oʻrin uchun kurash olib boradi.

Maʼlumot uchun, musobaqaning yarim finalida germaniyalik Vinsent Kaymer, amerikalik Fabiano Karuana, norvegiyalik Magnus Karlsen va oʻzbekistonlik Javohir Sindarov ishtirok etadi.

Javohir Sindarov yarim finalda yana bir amerikalik grossmeyster Fabiano Karuanaga qarshi dona suradi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing