15:16 / 02.12.2024
163 550

O’zbekiston yoshlar o’rtasidagi Osiyo o’yinlari-2025 ga mezbonlik qila olmaydi UZNUR.UZ

 Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlari-2025 mezbonligi Oʻzbekistondan olib qoʻyildi


Toshkent-2025 yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlari mezbonligi Oʻzbekistondan olib, Bahraynga topshirildi. Osiyo Olimpiya kengashi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida bu haqda rasman maʼlum qilgan.


2025 yil Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Osiyo yoshlar oʻyinlariga mezbonlik qiladigan davlat nomi oʻzgardi. Bu haqda Osiyo Olimpiya kengashi Instagram ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida maʼlum qildi.


 

«Osiyo Olimpiya kengashi Oʻzbekiston mezbonligida Toshkentda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Yoshlar oʻrtasidagi 3-Osiyo oʻyinlari 2025 yilda Bahraynda oʻtkazilishini maʼlum qiladi. Bugun, 2 dekabr kuni oʻtkazilgan tashkilot ijroi qoʻmitasi yigʻilishida bu haqdagi qaror qabul qilindi», - deyiladi Osiyo Olimpiya kengashi rasmiy axborotida.


 

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi va «Toshkent-2025» Osiyo oʻyinlari direksiyasi direktori Oybek Kasimov Osiyo Olimpiya kengashining bu qaroriga hozircha rasmiy munosabat bildirgani yoʻq.


 

Yoshlar oʻrtasidagi yozgi Osiyo oʻyinlari 43 ta xorijiy mamlakatdan, kamida 9 ta sport turidan 14-17 yoshli sportchilar oʻrtasida oʻtkazilishi rejalashtirilgandi.


Maʼlumot uchun, birinchi yoshlar oʻrtasida yozgi Osiyo oʻyinlari 2009 yilda Singapurda, 2013 yilda Nankin (Xitoy), 2017 yilda Xambantotada (Shri-Lanka), oʻtkazilgan boʻlsa, 2021 yilda Shantau (Xitoy), 2025 yilda Toshkentda oʻtkazilishi belgilangandi.


 

Eslatib oʻtamiz, 2030 yilgi Osiyo oʻyinlari mezbonligi uchun Oʻzbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlari ham daʼvogarlik qilishi rejalashtirilgan edi. Ammo Oʻzbekiston 2030 yilgi Osiyo oʻyinlari mezbonligi uchun ariza topshirmagandi.



Osiyo, Olimpiya, Yoshlar, O'zbekistondan
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing