Endi milliy haydovchilik guvohnomalarini yagona darchadan olishingiz mumkin
Endi milliy haydovchilik guvohnomalarini yagona darchadan olishingiz mumkin.
Ko’plab tahlillarga qaraganda, haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarida inson omilini qisqartirish, fuqarolarga masofadan xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish orqali ortiqcha ovoragarchilik, navbatlarni qisqartirish zaruratini ko‘rsatmoqda.
Shu sababli milliy haydovchilik guvohnomasini berish tartiblarini qisqartirish, ushbu jarayonlarni raqamlashtirish orqali fuqarolarga soddalashtirilgan davlat xizmatlarini ko’rsatishni joriy etish, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadvirlari to’g’risidagi ” 2022-yil 22-avgustdagi PQ 357-son qarori ijrosini ta’minlash hamda haydovchilik guvohnomasini berish va ularni yangisiga almashtirish sohasida davlat xizmatlarini ko’rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2023-yil 15-apreldan boshlab milliy haydovchilik guvohnomasini shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali ham ariza beruvchilarning bevosita ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibi joriy etilsin. Bunda:
milliy haydovchilik guvohnomasiga ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma’lumotlari joylashtiriladi, agar axborot tizimlarida ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma’lumotlari mavjud bo‘lmagan taqdirda ariza beruvchilar o‘zlarining imzo namunasini elektron shaklda taqdim etadi;
milliy haydovchilik guvohnomalarini olish hamda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish bo‘yicha arizalar ariza beruvchilarning YIDXPdagi shaxsiy kabineti orqali onlayn tarzda har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin;
yangi rasmiylashtirilgan milliy haydovchilik guvohnomalarini pochta orqali olish imkoniyati yaratiladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan talabgorlarga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organi yoki Davlat xizmatlari markazi tomonidan milliy haydovchilik guvohnomasi (almashtirish va yo‘qolgani o‘rniga yangisini berish) rasmiylashtirilishi;
milliy haydovchilik guvohnomasini olish bo‘yicha murojaatlarni YIDXP orqali qabul qilinishi va fuqarolarning ixtiyoriga ko‘ra milliy haydovchilik guvohnomasi pochta orqali yetkazib berilishi;
fuqaroning familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgarganda bu haqidagi ma’lumotlar axborot tizimlari orqali tasdiqlanishi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ismi, familiyasi va otasining ismi o‘zgargan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimi orqali Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga doimiy taqdim etib borsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
a) ikki oy muddatda:
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda milliy haydovchilik guvohnomasiga ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma’lumotlarini joylashtirish uchun Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimini ichki ishlar organlari ekspert-kriminalistika bo‘linmalaridagi “ADTT” va “ShIQAT” avtomatlashtirilgan tizimlari bilan integratsiya qilsin;
barcha tadbirkorlik subyektlari va Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan haydovchilikka nomzodlarning amaliy va nazariy imtihon natijalarini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami asosida yagona elektron ma’lumotlar bazasiga kiritish hamda ma’lumotlarni real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvi asosida taqdim etish imkoniyatini yaratsin;
b) 2023-yil yakuniga qadar barcha mavjud haydovchilik guvohnoma ma’lumotlarini jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga bog‘lagan holda raqamlashtirish ishlarini yakunlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston, xabarlar, 2024 yil, guvohnoma




