"Dorixona narkomaniyasi" keng tarqalayotganidan tashvishdamiz"- NNQMM rahbari
"Dorixona narkomaniyasi" keng tarqalayotganidan tashvishdamiz"- NNQMM rahbari.
O‘zbekistonda oxirgi 5 yilda narkojinoyatlar soni ikki barobarga ko‘paydi. NNQMM rahbari Ravshan Mamatovning aytishicha, ayniqsa sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi 400 martaga ko‘paygan. «Bu illatning yoshlar o‘rtasida keng tarqalayotgani bizni tashvishga solmoqda», — dedi u.
O‘zbekistonda 2019−2024-yillar oralig‘ida narkojinoyatlar soni ikki baravarga ko‘paydi. Bu haqda 15-noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro tadbirda Prezident administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.
“Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni ikki barobarga, giyohvandlik vositalari musodarasi 8,5 barobarga, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi esa 400 barobarga ko‘paydi. Kuzatilayotgan salbiy jarayonlar bu sohada kompleks chora-tadbirlarni belgilash hamda samarali idoralararo va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taqazo etmoqda”, — dedi u.
Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi rahbari mintaqada, xususan, O‘zbekistonda “dorixona narkomaniyasi” ham keng tarqalayotgani tashvishli hol ekanini ta’kidladi.
O‘zbekistonda 2024-yilda tarixda ilk bor giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024−2028-yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiya qabul qilindi. Mamatovning tushuntirishicha, bu strategiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad — “aholida, ayniqsa, yoshlarda giyohvandlikka qarshi immunitetni va narkojinoyatlarga qarshi toqatsizlikni shakllantirishdir”.
dori, O'zbekiston, giyohvandlik, 2024, 2024 yil, NNQMM, Ravshan Mamatov




