Yog‘och uylarda yashovchi aholiga tekinga tayyor yangi xonadon taqdim etiladi
Yog‘och uylarda yashovchi aholiga tekinga tayyor yangi xonadon taqdim etiladi — tuman hokimi va Tashkent Invest boshqaruv raisi
Yangihayot tumanidagi yog‘och uylarda yashovchi 4300 ta xonadon 2−3 yildan so‘ng investorning o‘zi moliyalashtiradigan “Yangi mahalla” turar-joy majmuasiga ko‘chiriladi. Ularga tekinga tayyor yangi uy beriladi. Umumiy 13 392 ta xonadonga mo‘ljallangan yangi majmuaning qolgan qismida sotiladigan uylar bo‘ladi.
Yangihayot tumanining “Yo‘ldosh” mavzesidagi 409 ta yog‘och uylarda yashovchi 21 ming nafardan ortiq aholi tumanda quriladigan yangi ko‘p qavatli uylarga ko‘chiriladi. Ko‘p yillik daraxtlar bilan o‘ralgan yog‘och uylar o‘rnida dendropark quriladi. 28-noyabr kuni Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omov va Tashkent Invest kompaniyasi boshqaruv raisi Bahrom Shokirov tumanda o‘tgan matbuot anjumanida 4300 ta xonadondagi fuqarolarni 1,5 trln so‘mga “Gulshanobod” mahallasidagi “Yangi mahalla” turar-joy majmuasiga ko‘chirish rejalari haqida ma’lumot berdi. Unda “Gazeta.uz” muxbiri ham ishtirok etdi.
Toshkent Invest kompaniyasi hokimlik bilan birga yog‘och uylarda yashagan aholini yangi turar-joylarga ko‘chirish va eski uylar o‘rnida yashil bog‘ barpo qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqqan. “Gazeta.uz” avvalroq uning umumiy tavsifi haqida yozgandi.
Tashkent Invest kompaniyasi fuqarolar ko‘chiriladigan yangi uylar qurilishida ishtirok etmaydi. Kompaniya raisi tashkilot quruvchi va davlat o‘rtasida vositachilik qilishi, shuningdek, qurilish jarayonida investorga yuklatiladigan ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini nazorat qilishini, yakunda fuqarolarning yangi xonadonga ko‘chib o‘tishini ta’minlashini ma’lum qildi. “Yo‘ldosh” mavzesidagi aholi ko‘chib o‘tadigan yangi uylarni investorlar o‘z hisobidan moliyalashtiradi.
“Qo‘shma loyihalardan olinayotgan daromadlar ular uchun moliyaviy manba bo‘ladi. Bu loyihada ularning amali ko‘proq daromad olish emas, ijtimoiy yordam ko‘rsatish sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Mavzedagilarni ko‘chirib o‘tkazishdan daromad ko‘zlanmagan”, — dedi Bahrom Shokirov.
“Gulshanobod” mahallasidagi 24 gektar maydonda quriladigan “Yangi mahalla” turar-joy majmuasi loyihasini turar-joy binolari qurilishi bilan shug`ullanuvchi “GC-Group Industries” MCHJ 2024−2027-yillar davomida amalga oshiradi. Quruvchi tashkilotga yog‘och uylarda yashovchilarga yangi uy qurish loyihasi tender asosida berilmagan. Bahrom Shokirovning aytishicha, Tashkent Invest quruvchi tashkilot uchun hujjatda talablar belgilagan, ular ijtimoiy majburiyat asosida ishlashi tashkilot tomonidan nazorat qilinadi. Quruvchiga yog‘och uylardagi fuqarolarni bepul tarzda yangi uy bilan ta’minlash majburiyati yuklatilgan. Shuningdek, “Yangi mahalla” turar-joy majmuasi 13 392 ta xonadonga mo‘ljallangan, unda faqat yog‘och uylardan ko‘chib kelganlar yashamaydi. Tuman hokimining ta’kidlashicha, yangi uylarga joylashishda asosan “Yo‘ldosh” mavzesidagilarga ustunlik beriladi. Qolgan joylarida sotiladigan uylar bo‘ladi.
Yog‘och uylar qachon buziladi?
“„Yo‘ldosh“ mavzesidagi yog‘och uylarda yashovchilarni kelgusi 2−3 yilda bepul ravishda bosqichma-bosqich ko‘chirish boshlanadi. Yangi binolar bitguncha fuqarolar o‘z yog‘och uyida yashab turadi. Yangi uy ekspluatatsiya jarayonidan o‘tgach, fuqarolar kelib, o‘zlari uchun uylarni tanlaydi va keyin ko‘chib keladi. Agar yangi uyga o‘tishni istamaydigan fuqarolar uchrasa, biz ular bilan gaplashamiz. Ularga aynan o‘sha „Yo‘ldosh“ mavzesi yaqinidagi ko‘p qavatli uylarda imkoniyat topilsa, yashash taklifini berishimiz mumkin. Bu holatlar investorlar bilan birga o‘rganib chiqiladi”, — dedi Tashkent Invest raisi.
Tuman hokimi Hayot Inog‘omov eski uylar buzilgach, hududda biror katta qurilish qilinmasligi, 60 yillik daraxtlarni saqlab qolish uchun dendropark barpo qilinishiga va’da berdi.
Shuningdek, u eski uyidan ko‘chishni istamaydigan fuqarolarga nisbatan bu uylar 60 yil xizmat qilgani, bugun bo‘lmasa, ertaga favqulodda holatga kelib qolishi mumkinligini tushunishlarini so‘radi.
“Balki, yangi uylar bitguncha 2027−2028-yillar kirib kelar. Ungacha bu uylar yana eskirishda davom etmoqda: 1) uy taxtalari chirimoqda, 2) zararkunanda hasharotlar ko‘payib ketmoqda. Fuqarolar qo‘shnisi ko‘chayotganini ko‘rib ham balki fikri o‘zgarib qolar. Ungacha yangi uyga qarshi chiqayotgan aholimiz taxminan 10−15 foizni tashkil qilmoqda. Ular bilan ham albatta kelishamiz”, — dedi hokim.
Yog‘och uylarda yashaganlar yangi uyga bepul joylashadi
Bahrom Shokirovning so‘zlariga ko‘ra, odamlardan bo‘shagan uylar davlat ixtiyoriga o‘tadi. Keyinchalik davlat tomonidan yer tekislanib, dendropark qilinadi. Investor bilan uylarni bitirib, tayyor xonadonni fuqarolarga berishga kelishdik. Ko‘chib keluvchilar minimal darajadagi oshxona jihozlari, sanuzel, gaz plitalari kabilarni qabul qilib oladi. Fuqarolar o‘zi egalik qilgan uyga nisbatan qo‘shimcha 20 foizgacha ko‘proq kattalikdagi xonadonni olishlari mumkin. Aytaylik, fuqaroda 50 kv metr kattalikdagi uyi bor. Unda 20 foizgacha, masalan qo‘shimcha 10 kv metr kattalikdagi uyni olish huquqi bor, dedi u.
Yog‘och uylar atrofidagi ayrim ijtimoiy obyektlar ham buziladi
Tadbirda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda ikki qavatlidan tashqari bir qavatli yog‘och uylar ham bor. Dendroparkka aylantiriladigan 80 gektar yer asosan bir va ikki qavatli yog‘och uylar qurilgan joylardir. Uning atrofida bir qator kapital ta’mirlangan maktab va yog‘och bog‘chalar, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar akademiyasi ham qurilgan. Katta maydon parkka aylantirilganda faqat akademiya va kapital ta’mirlangan maktablar qoladi, yog‘och bog‘chalar ham buziladi. Ayrim yog‘och uylarning birinchi qavatidagi xususiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, mini zavodlar ham buzilib, bo‘shatiladi. Hokim ularni qoldirib bo‘lmasligini ta’kidladi. Shuningdek, yog‘och uylar yaqinidagi 9 qavatli yangi qurilgan uylar buzilmaydi. Tuman ko‘p tarmoqlik tibbiyot markazi ham o‘z joyida qoladi.
Dendropark loyihasi 2025-yilda tayyor bo‘ladi
Tuman hokimi yog‘och uylar o‘rnida yaratiladigan yashil bog‘ning loyihasi hozir tayyorlanayotganini, u taxminan kelasi yil aprel-may oylarida ommaga ko‘rsatilishiga ishontirdi. Shuningdek, mazkur qurilish rejalari haqida hali aholi ham to‘liq ogohlantirilmagan. Hokimlik har shanba kunlari fuqarolar ko‘chirilishi bo‘yicha aholida so‘rovlar paydo bo‘lsa, ularga quruvchilar mahalla raislari bilan birga axborot berishini va’da qildi.




