09:33 / 17.04.2025
19 729

Rossiyadagi uylardan birida 4 o‘zbekistonlikning jasadi topildi

 

image

Joriy yilning 13 aprel kuni Rossiyaning Kaliningrad shahri Gagarin ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi o‘lik holda topildi. Bu haqda “Kaskad” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ularning o‘limida tergovchilar tomonidan jinoyat alomatlari aniqlanmagan.
Gagarin ko‘chasidagi 22-binodagi 5-xonadonga bir oydan kamroq vaqt oldin o‘zbekistonlik to‘rt kishi ko‘chib borgan. Ular O‘zbekistondan Kaliningradga pul topish uchun ketgan.

Marhumlarning jasadi olib chiqilgach, uyning eshigi qulflangan. Tergovchilar qo‘shnilarni ham so‘roqqa tutgan. Ular esa vafot etgan o‘zbekistonliklarning uyga kam kelgani, ko‘p ishlagani haqida aytib bergan.

“Yaxshi odamlar edi. Har kuni ertalab soat sakkiz yarimlarda chiqib ketardi, kechqurun ham soat to‘qqizlar atrofda qaytib kelardi. Faqat eshik yopilish ovozini eshitar edim, o‘zi juda xotirjam edi”, deya eslaydi Lyudmila ismli qo‘shni ayol.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning o‘limiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgan. Viloyat tergov qo‘mitasi bergan xabarga ko‘ra, ijaradagi xonadonda gaz jihozlariga noto‘g‘ri xizmat ko‘rsatilgan.

“Ish bo‘yicha tergov ishlarini viloyat prokuraturasi ham nazorat qilmoqda. Xonadon egasi ularning o‘limi uchun javobgar bo‘lishi mumkin. Ish ochilgan modda bo‘yicha eng ko‘p jazo bir necha yillik qamoq jazosiga to‘g‘ri keladi”, degan Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbarining Kaliningrad viloyati bo‘yicha katta yordamchisi Natalya Gatsko.



Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing