Ayolga jismoniy tiriklikning o‘zi yetarli emas!
….Zamirani karavotdan olib ketishganda hushsiz edi. Uni doimiy qo‘rquv va xo‘rlik ostidagi hayot holdan toydirgandi. O‘zbekistonda bu kabi voqealar har kun sodir bo‘lib, ko‘plari yopiq eshiklar orqasida qolib ketmoqda.
Birlashgan millatlar tashkilotining 2022-yil 161 davlat aro o‘tkazgan tadqiqotida dunyo bo‘ylab 48 800 ga yaqin ayol va qiz o‘zlarining yaqin sheriklari yoki boshqa oila a’zolari tomonidan o‘ldirilishi haqida tadqiqotini e’lon qilgan. Bu shuni anglatadiki, har soatda o‘rtacha beshdan ortiq ayol yoki qiz o‘z oilasida kimdir tomonidan o‘ldirilgan. Jismoniy zo‘ravonlik belgi va alomatlari aniq bo‘lgani holda uni aniqlash nisbatan oson. Ammo zo‘ravonlikning shunday turi borki, uning ustida tadqiqotlar o‘tkazish, foiz ko‘rsatkichlarida ifodalash ancha mushkul. Ayniqsa, ayol ustida narrativ xususiyatini olgan steorotiplar, mentalitet nomi ostidagi cheklovlar, kichikligidan qulog‘iga quyilgan “kelinlik va rafiqalik tarbiyasi” ustun bo‘lgan Sharq davlatlari uchun.
Men hikoya qilmoqchi bo‘lgan ayol taqdiri fikrimni yanada ochiqlaydi. Sohiba oilada yetti farzandning to‘ng‘ichi bo‘lib, maktabni bitarar bitirmas turmushga berishgan. Boshqa qizlarga o‘xshab uchrashib, fikrlashib, sinashib oila qurmagan qahramonimiz alam bilan “ …bo‘lg‘usi kuyov menga gular sovg‘a qilmadi. Turmush o‘rtog‘imni ilk marotaba to‘y kuni ko‘rdim.. Erimni tilida nuqsoni bo‘lib, tutilib gapirarkan” deydi. Aynan shu yergacha tahlil qilarkanmiz, ayol hayotida ikki katta xatoni ilg‘ashimiz mumkin. Avvalo, hali muomala layoqati to‘la shakllanmagan, oila haqida hech bo‘lmaganda fundamental tushunchalari yetarli bo‘lmagan qizni turmushga berilishi hamda butun umr hayotini bog‘laydigan inson bilan to‘ydan oldin gaplashish tugul, uchrashib ham ko‘rmagani, o‘rtada oilani mustahkam saqlaydigan mehr-muhabbat, iliqlikning yo‘qligi edi.
UNICEFning so’nggi ma’lumotiga ko‘ra, yer yuzida yashovchi 650 millionga yaqin ayol 18 yoshga to‘lmasdan erta turmushga chiqmoqda. Menimcha, 18 yoshdan keyin inson nikohga bilologik jihatdan tayyor bo‘lib, aynan qonuniy va sha’riy jihatdan bunga ruxsat etilsa-da, ammo ruhiy taraflama juda mo‘rt bo‘ladi. Afsuski, ko‘p oilalar bu tarafiga deyarli e’tibor qaratishmaydi.
Shundog‘am ko‘p narsalarda Sohibani siylamagan taqdir qaynona, qaynota borasida ham o‘gaylik qildi. “ … Qaynotam sal jahli chiqsa, alamini mendan olardi. Qaynonam esa onam sepimni yaxshi qila olmaganliklari uchun noligani noligan, ko‘zimni ochirmaydi. Turmush qurgan dastlabki 3-4 oy bo‘yimda bo‘lmadi. Meni darrov tug‘masga chiqarishdi”. Ayol tilidan aytilgan ushbu gaplar oilada unga nisbatan bo‘lgan munosabatning qanchalik nosog‘lomligini, surunkali ruhiy zo‘riqish ostida yashayotganini ko‘rsatadi. Borib -borib holat shunga keldiki, qaynona nonni o‘lchab berish darajasiga yetdi. Aslida, ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiy zo‘ravonlikning yaqqol ko‘rinishi bo‘lgan birlamchi ehtiyojlarni qondirilmasligi holatiga jamiyatimizdagi ko‘plab ayollar kabi Sohiba ham chidab kelgan. Chunki boradigan joyi yo‘q, ota uyiga esa sig‘masdi. Statistikaga qaraydigan bo‘lsak, 78,8 foiz ayol iqtisodiy zo‘ravonlikka maishiy zo‘ ravonlik sifatida qaramaydi.
Axiyri uydan quvilgan ayol holatni shunday izohlaydi: “ O‘sha kuni qornim juda ochib ketdi va sabrim chidamasdan ovqatlanishga o‘tirdim. Shunda qaynonam kelib qolib, meni o‘g‘ri tomoqlikda aylab ketdi. Bu ham yetmagandek, “ro‘zg‘orimni barakasini sen uchirar ekansan-da” , deya ura boshladi. Erim ham onasiga qo‘shildi. Mana bu nuqtada shundog‘am ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik ostida yashaydigan ayolga jismoniy zo‘ravonlik ham o‘tkazildi.
“…ochig‘i, jonimdan to‘yib ketdim. Katta o‘g‘lim maktabga boradi. Farzandlarim urush-janjaldan shu darajada qo‘rqib qolishganki, hatto ikkinchi farzandim otasini, bobosini ko‘rishi bilan vahimadan qaltiray boshlaydi”. Bundan ko‘rinadiki, oiladagi bu vaziyat nafaqat ayolda, balki farzandlarda ham ruhiy zo‘riqishga sabab bo‘lgan. Bu birgina farzandlarning emas, butun bir jamiyat kelajagiga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Chunki ruhiyati bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan insonlardan tashkil topgan, nosog‘lom muhit hukm surgan jamiyat ideallik tomon intila olamaydi.
Borishga joy topolmay, ko‘chada bolalari bilan darbadar kezib yuragan Sohibani organ xodimlari ko‘rib qolishadi va uni reabilizatsiya markaziga olib kelishadi. Ayolga psixologik treninglar hamda tibbiy muolajalar o‘tkaziladi. Qahramon tilidan aytilgan juda achinarli gap shundaki, “ unga odam kabi munosabatda bo‘lishni boshlashadi”.
Organ xodimlari ayol eri, qaynona-qaynotasi bilan gaplashishadi.Ayolga nisbatan Himoya orderi olib berilib, insonni xo‘rlash uchun qonuniy javobgarlik borligini tushuntirishadi. O‘sha voqeadan keyin eri Sohibani uyga olib keladi. O‘zi ishga joylashadi. Hozir Sohiba doimiy nazoratda. Endi yana statistikalarga qaraydigan bo’lsak, O‘zbekistonda o’tgan 7 oy mobaynida qariyb 22 ming ayolga Himoya orderi berilgan bo‘lib, u ayollarning 84.7 foizi oilaviy zo‘ravonliklarning qurboni edi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, o‘zbek jamiyatida oiladagi zo‘ravonlik mavzusi chuqur sukutga uchragan. Ammo Sohibaning hikoyasi Ayollarning bu holatga shunchaki jim qarab turmaslik kerakligini isbotlaydi. Sukut, chidam bunga yechim emas. O‘z huquqinini talab qilish betgachoparlik emas. Bu borada yordam beradigan, qurbonlarni qo‘llab-quvvatlaydigan tashkilotlar bor.
Unutmaslik kerakki, faqatgina birlashibgina zo‘ravonlikdan holi dunyo qura olamiz.
stress, ayollar, jismoniy




