Jin Xekmen va uning rafiqasi Betsi Arakava o‘z uyida o‘lik holda topildi
Joriy yilning 26 fevral kuni ikki karra “Oskar” mukofoti sovrindori, 95 yoshli mashhur Gollivud aktyori rafiqasi 63 yoshli pianist bilan o‘z uyida o‘lik holda topildi. Bu haqida “Variety” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ularning jasadlarini aktyorning Santa-Fedagi uyidan ikki nafar ishchi topgan. Arakava hammom polida yotgan, shu yerda retsept bo‘yicha beriladigan dori-darmonlar ham sochilgan holda bo‘lgan. Uning yonida itlaridan birining jasadi ham bo‘lgan.
O‘limning ehtimoliy sababi sifatida gaz sizib chiqishi holati tekshirilgan. Ammo bunday holat aniqlanmagan,
“Gaz sizib chiqishiga doir aniq belgilar yo‘q”, deydi tergovchi Roy Arndt.
Shuningdek, kirish eshigi ham ochiq bo‘lgan, buzib kirishga doir izlar topilmagan. Arndtning so‘zlariga ko‘ra, tergov Xekmen va uning rafiqasining o‘limini “jiddiy tekshiruvni talab qiladigan darajada shubhali” deb baholamoqda. Ularning aniq qachon va qanday sharoitda vafot etgani hali ma’lum emas.
Ma’lumot uchun, Jin Xekmen 1930 yil 30 yanvarda AQSHning Kaliforniya shtati San-Bernardino shahrida tug‘ilgan. Uzoq yillik faoliyati davomida u ko‘plab nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Xekmen – ikki karra “Oskar” va BAFTA, uch karra “Oltin globus” va AQSH Milliy kino tanqidchilari kengashi mukofotlari sovrindori, Berlin kinofestivali g‘olibi bo‘lgan.
U ilk bor “Oskar” mukofotini 1972 yilda Uilyam Fridkinning “Fransuz aloqasi” dramasidagi bosh roli uchun olgan. Ikkinchi “Oskar” esa unga 1993 yilda Klint Istvudning “Kechirilmas” vesternidagi ikkinchi darajali roli uchun topshirilgan. Katta ekran yulduzining keng filmografiyasida “Bonni va Klayd” (1967), “Missisipi olov ichida” (1988) kabi filmlar ham bor.
Xekmenning birinchi rafiqasi Fey Maltis bo‘lib, ular 1956 yilda turmush qurgan va uch farzand ko‘rgan. Biroq 30 yildan so‘ng ularning oilasi buzilgan.
Aktyor 1980 yillarda Santa-Fega ko‘chib kelgan. U 1991 yilda Betsi Arakava bilan turmush qurgan. So‘nggi yillarda Xekmen bir necha kitob nashr ettirgan.




