Shavkat Mirziyoyev nogironlarni sportga jalb etish orqali sog‘lomlashtirish tizimini takomillashtirishga qaror imzoladi.
2024-yil 15-dekabrdan boshlab jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning sport bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan arizasiga ko‘ra “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan davlat mulki bo‘lgan jismoniy tarbiya, dam olish va sport inshootlarida bepul mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun yo‘llanmalar beriladi.
2025-2026-yillarda alohida ta’limga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari va “Muruvvat” internat uylarida sport inshootlarini qurish, ta’mirlash va jihozlash, sport to‘garaklarini tashkil etish rejalashtirilgan.
2025-yil 1-fevraldan boshlab Paralimpiya sporti, karlar sporti, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslar, maxsus olimpiya sport turlari, shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar shug‘ullanadigan boshqa sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Kurslar natijalariga ko'ra to'rt yil muddatga amal qiladigan malaka sertifikati beriladi.
EPIGU mobil ilovasidan foydalangan holda nogironligi bo‘lgan shaxslar jismoniy tarbiya, sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini, shuningdek, adaptiv sport guruhlarini tashkil etuvchi sport maktablarini tanlashlari mumkin bo‘ladi.
siyost, O'zbekiston, sport, prezident, 2024 yil