Rossiyada qarovsiz qolgan 3 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
Rossiyaning Novosibirsk va Moskva shaharlarida qarovsiz qolgan 3 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Ular ota-onasining ishonchnomasi asosida yaqin qarindoshlari bilan Rosiya Federatsiyasiga borgan, ammo bu yuridik kuchga emas, deb tushuntirdi IHMA.26-noyabr kuni Rossiya IIV ko‘magida Novosibirsk va Moskva shaharlarida ota-onasi nazoratisiz qolgan 3 nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bolalar Toshkent shahri IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi tomonidan qabul qilindi va IHMA yordamida ota-onalariga topshirildi.
Ushbu holatda voyaga yetmagan shaxslar ota-onasining yaqin qarindoshiga ishonchnoma asosida RFga borgan, ammo ushbu ishonchnoma Rossiya hududida yuridik kuchga ega emasligi sababli voyaga yetmagan fuqarolar ota-onasi qarovisiz qolgan, deb e’tirof etilgan.
Olib kelingan bolalar va ularning oilalariga ijtimoiy xizmatlar ularning yashash manziliga yaqin bo‘lgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ko‘rsatiladi.
Agentlik ota-onalarga voyaga yetmagan farzandlarini chet el davlatiga nazoratsiz jo‘natmaslikni, dastlab ushbu davlatning qonunchiligini batafsil o‘rganish kerakligini eslatib o‘tdi.




