Futbol bo‘yicha 2030 va 2034 yilgi Jahon chempionati mezbonlari e’lon qilindi
Futbol bo‘yicha 2030 va 2034 yilgi Jahon chempionati mezbonlari e’lon qilindi.
Shveysariyaning Syurix shahrida Xalqaro futbol federatsiyasining (FIFA) navbatdan tashqari Kongressi o‘tkazildi.
Unda FIFA rahbari Janni Infantino Saudiya Arabistoni 2034 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilishini e’lon qildi. Bunday qarorga kelishiga sabab Saudiya Arabistoni chempionatni o‘tkazish uchun yagona nomzod bo‘lgan.
Avvalroq, Avstraliya 2034 yilgi Jahon chempionatini o‘tkazishga da’vogar bo‘lgan. Biroq, yakunda tegishli hujjatlarni topshirishdan voz kechdi.
2034 yilgi bahslar mamlakatning Ar-Riyod, Jidda, Abxa, Al-Xubar va Neom shaharlaridagi 15 ta stadionda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Kongressda 2030 yilgi mundial bir vaqtning o‘zida olti mamlakat - Marokash, Ispaniya, Portugaliya, Argentina, Urugvay va Paragvayda o‘tishi belgilandi.
Ushbu musobaqaning faqat birinchi uchta o‘yini Urugvay, Argentina va Paragvayda bo‘lib o‘tadi. Qolgan barcha o‘yinlar Marokash, Portugaliya va Ispaniyada o‘tkaziladi.
Aslida, 2030 yilgi jahon birinchiligining haqiqiy mezbonlari Marokash, Portugaliya va Ispaniya. Argentina, Urugvay va Paragvaydagi o‘yinlar futbol bo‘yicha Jahon chempionatlari o‘tkazila boshlanganiga 100 yil to‘lishi sharafiga uyushtiriladi.
Ma’lumot o‘rnida: 2026 yilning 11 iyun — 19 iyul kunlari AQSH, Kanada va Meksika mamlakatlarida futbol bo‘yicha Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
FIFA, futbol, football, 2030, 2034, jahon, chempionati




