15:13 / 20.11.2024
183 167

«90 daqiqa bir xil o‘ynaydigan jamoalarni topish qiyin» — Srechko Katanes

 

«90 daqiqa bir xil o‘ynaydigan jamoalarni topish qiyin» — Srechko Katanes.


Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes va darvozabon O‘tkir Yusupov 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan KXDR qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida qatnashdi. Jamoa Laosda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning yagona goliga Abbosbek Fayzullayev mualliflik qildi. Ikkinchi taymda O‘zbekiston darvozasi tomon belgilangan penaltini O‘tkir Yusupov qaytardi. O‘yinning birinchi taymi O‘zbekistonning ustunligida o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi taymda KXDR tashabbusni to‘liq qo‘lga oldi.
«Birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazdik, raqibda imkoniyat bo‘lmadi. Ikkinchi bo‘limda Bobir Abdixoliqov vaziyatdan foydalanganida o‘yin yengil kechishi mumkin edi. Himoyalanayotgan vaqtda jarima maydonchasi ichida to‘p qo‘lga tegishi bo‘lib turadi. Baxtimizga O‘tkir Yusupov penaltini qaytardi va biz o‘zimizga kerakli natijani qayd eta oldik», — dedi Katanes matbuot anjumani boshida.

O‘tkir Yusupov o‘yindan qoniqish hosil qilganini ta’kidladi.
«3 ochko qo‘lga kiritganimizdan xursandman. Bir kun oldin yigitlar bilan gaplashgan edik. Taktikani yig‘ishtirib, hamma yurakdan o‘ynasa yutishimizni aytgandik», — dedi darvozabon.
Katanes terma jamoa har bir o‘yinda faqatgina bir taym yaxshi o‘ynayotgani, faqatgina bir taym futbol o‘ynaydigan jamoa bo‘lib qolayotgani haqidagi savolga javob berdi.
«Menimcha, 90 daqiqa bir xil o‘ynaydigan jamoalarni topish qiyin bo‘lsa kerak, balki 1−2 ta top jamoalarni inobatga olmasa. Bugun, yana shuni inobatga olish kerakki, juda ham qiyin sharoitda o‘ynadik. Yuqori namlik, vaqtdagi farqlar. Qatarga qarshi o‘yinda oxirgi soniyalarda o‘tkazib yuborilgan gol jamoaning ruhiyatiga ta’sir qilmasdan qolmasdi. Shunga qaramay, futbolchilar o‘ziga kelishiga muvaffaq bo‘ldi. Tan olish kerak, bugun ayrim yetakchi futbolchilarsiz keldik. Ularning o‘rniga tushganlar juda yaxshi o‘yin ko‘rsata olishdi», — dedi murabbiy.
«OFKga murojaat qilmoqchi edim. Biz, birinchi navbatda, futbolchilarimiz sog‘lig‘ini o‘ylashimiz kerak. Bunday maydonda to‘p surish futbolchilarning sog‘lig‘i uchun xavfli. Mashg‘ulot maydonimiz bundan ham yomon holatda edi. Bu yerdagi tashkiliy qo‘mitaga e’tirozim yo‘q, faqat maydonni gapirdim», — deya qo‘shimcha qildi Katanes.

Oldinda yana to‘rt tur bor. Keyingi o‘yinni O‘zbekiston 2025 yil 20 mart kuni Toshkentda Qirg‘izistonga qarshi o‘tkazadi.


futbol, 2024, 2024 yil, Katanes, O'tkir
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing