10:46 / 27.11.2024
172 098

1-yanvardan Toshkent jamoat transportida yo‘l haqi oshishi kutilmoqda

 Toshkentda 1-yanvardan avtobus va metroda bir martalik to‘lov 3000 ming so‘m etib belgilanishi rejalashtirilmoqda. Transport kartalari uchun avval joriy qilingan imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxlari o‘zgarishsiz qoldiriladi. Shuningdek, yo‘l haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Toshkent shahridagi jamoat transporti tizimida yo‘lkira haqini to‘lashda elektron to‘lov tizimidan foydalanishni rag‘batlantiruvchi tariflarni joriy etish to‘g‘risida» Toshkent shahri hokimining qarori loyihasi e’lon qilindi.
Qaror bilan 2025-yil 1-yanvardan Toshkent shahrining jamoat transporti yo‘nalishlarida (avtobus va metropoliten) qatnovlarni amalga oshirish uchun yo‘lkira haqining quyidagi cheklangan tariflari belgilanmoqda:
- bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif — 3000 so‘m. Bunda, bir yo‘lovchi qatnovi uchun 1 (bir) martalik to‘lovni elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirilganda rag‘batlantiruvchi chegirma qo‘llanilgan holda — 1 700 (bir ming yetti yuz) so‘m undiriladi;
- bir yo‘lovchining bagajini tashish bo‘yicha xizmat uchun — 4000 so‘m;
- qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif — 1600 so‘m.

Qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan transport kartalarining va transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxlari o‘zgarishsiz qoldiriladi.

Toshkent shahri yo‘nalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yo‘l haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi va yo‘lkira haqini faqat elektron tarzda qabul qilish amaliyoti joriy etiladi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing