10:24 / 13.02.2025
41 418

Toshkent shahrida noqonuniy diniy jamoat fosh etildi


Toshkent shahrida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Ichki ishlar vazirligi (IIV) xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida noqonuniy diniy jamoat faoliyati fosh etildi. Maʼlumotlarga koʻra, poytaxtdagi milliy taomlar oshxonalaridan birida tungi vaqtda bir guruh fuqarolar noqonuniy yigʻilish oʻtkazgani aniqlangan.

Jamoat tarkibida Bojxona qoʻmitasining uch nafar xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi, texnopark direktori oʻrinbosari, xususiy avtomaktab direktori oʻrinbosari, “Sergeli-avto” bozorida savdo bilan shugʻullanuvchi shaxslar va boshqa kasb egalaridan iborat 17 nafar fuqaro boʻlgan. Ularning aksariyati asli Namangan viloyatidan boʻlib, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qiladi.

Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida maʼlum boʻlishicha, Bojxona qoʻmitasining boshqarma boshligʻi oʻrinbosari 2021-yildan buyon jamoat tarkibidagi shaxslar uchun muntazam ravishda noqonuniy diniy darslar tashkil qilib kelgan. U har bir dars uchun jamoat aʼzolaridan maʼlum miqdorda mablagʻ yigʻib, ushbu mablagʻlarni ustozlarga tarqatgan.

Shuningdek, guruh aʼzolari 1989-yilda Namangan viloyatida tugʻilgan va hozirda Misr Arab Respublikasida boʻlgan shaxsdan “Telegram” messenjeri orqali onlayn tarzda saboq olishgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi esa mazkur jamoat aʼzolariga offlayn tarzda diniy maʼruzalar oʻtgan.

Hozirda Bojxona qoʻmitasi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, bojxona organlari tezkor xodimi va katta inspektori, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi hamda jamoat aʼzolariga Misr davlatidan turib onlayn tarzda diniy saboq bergan fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Qolgan fuqarolar jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan. Hozirda tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davom etmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing