11:28 / 30.01.2025
64 277

O‘zbekistonda yangi oydan nimalar o‘zgaradi?

 

Ayrim "IT Par" rezidentlari foyda solig`idan ozod etiladi

2025-yilning 1-fevralidan 2030-yilgacha eksport xizmatlari hajmi bir yilda $10 mlndan oshgan “IT Park” rezidentlariga IT-sohasidagi xizmatlarni ko‘rsatgan, O‘zbekiston bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida bitim tuzilmagan davlatlar yuridik shaxslari yil yakunigacha foyda solig‘idan ozod etiladi.

Shu bilan birga, daromadining 50%ini eksport tashkil etuvchi rezidentlar ta’sischilari O‘zbekiston norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga JShODS hamda foyda solig‘ining 5% stavkasi tatbiq etiladi. Bu imtiyoz 2040-yilgacha amal qiladi.



1070 "Ishonch telefoni" ishga tushiriladi

O‘zbekistondajoriy etilayotgan “Ijtimoiy karta"lar doirasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan kartalardan foydalanish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatuvchi “1070” uzluksiz ishlovchi “Ishonch telefoni” test rejimida yo‘lga qo‘yiladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar “Ishonch telefoni” orqali bepul SMS-xabarnoma yuborishlari mumkin bo‘ladi. Bunda SMS-xabarnomalar ijtimoiy axborot hisoblanadi.

Fuqarolarning ijtimoiy himoyaga doir huquqlarini amalga oshirish va ularni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan doimiy va manzilli muloqot o‘rnatiladi.


Poyezd chiptalari narxlari oshiriladi

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlarining VIP, Biznes toifadagi chipta narxlari 25%ga, ekonom toifadagi chipta narxlari esa 20%ga oshiriladi. Bundan tashqari, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlarining chipta narxlari 30%ga qimmatlashadi.

“Afrosiyob” elektropoyezdlarining chipta narxlari quyidagicha bo‘ladi:

Yo‘nalish Narxlar (so‘mda)
VIP Biznes Ekonom
Toshkent-Samarqand 619 ming 450 ming 294 ming
Toshkent-Qarshi 854 ming 634 ming 406 ming
Toshkent-Buxoro 994 ming 751 ming 484 ming

Shu bilan birga, mahalliy yo‘nalishdagi (yotoqli) yo‘lovchi poyezdlar chipta narxining tarif qismi 10,5%ga ko`tariladi


Kasb markazlarida kambag`al oilalar a`zolari yangi kasblarga o`qitiladi

Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida ishsiz, jumladan, kambag‘al oilalar a’zolarini yuqori talabga ega kasblarga manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi. Bu tartib ish beruvchilar buyurtmasi va banklar mijozlari ehtiyoji asosida amalga oshiriladi.

Markazlarda tashkil etiladigan yangi kasb yo‘nalishlari:

  1. Elektromobillarni ta’mirlovchi va ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi chilangar.
  2. Muqobil va noan’anaviy energiya manbalariga xizmat ko‘rsatish qurilmalari bo‘yicha texnik (mexanik) yordamchi.
  3. Elektr ko‘targichlarni (lift va eskalatorlarni) ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha chilangar-montajchi.
  4. Suv tejovchi sug‘orish texnologiyalariga xizmat ko‘rsatuvchi texnik.
  5. Og‘ir yuklarni ko‘tarish, ortish va tashish yo‘nalishlari (kran, ekskavator va buldozer mashinisti, kara, samosval haydovchisi va boshqalar).
  6. Shamollatish, havoni tozalash, sovutish moslamalarini ta’mirlash bo‘yicha chilangar.
  7. Landshaft, interer va ishlab chiqarish dizayneri.
  8. Alyuminiy va plastik profillar bilan ishlash ustasi.
  9. Avtotyuning mexanigi.
  10. Videograf-mobilograf.
  11. Raqamli marketolog.
  12. Mobil ilovalar yaratuvchi dasturchi.

Kasbiy ta`limda "vaucher tizimi" joriy etiladi

1-fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi sinov tarzida joriy etiladi.

Tizim doirasida ishsiz aholi davlat va nodavlat o‘quv markazlarida vaucher asosida bepul o‘qishlari mumkin bo‘ladi. Bunda kambag‘al oilalar a’zolariga ustunlik beriladi.

O‘qish to‘lovlari yosh chegarasi va o‘qish davomiyligidan qat’i nazar, to‘liq qoplab beriladi. Bunda to‘lovning dastlabki 50%i o‘qish boshlanganida, qolgan qismi esa o‘qish tugagach — fuqaro sertifikat olganidan so‘ng, o‘quv markaziga o‘tkaziladi.

Vaucherlar tuman yoki shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari tomonidan taqdim etiladi. Elektron vaucherni olgach, uni o‘quv markaziga olib borib, o‘qishni boshlash mumkin bo‘ladi.

Fuqarolar vaucher asosida 35 ta til va kasblarga bepul o‘qitiladi. Bular qatorida marketing bo‘yicha mutaxassis, interer dizayner, ayollar va erkaklar sartaroshi, fotograf, gid-sayohatchi kabilar bor. 


Og`ir vaziyatdagi ayollar uchun "Onalar markazi" xizmati yo`lga qo`yiladi

Qonunchilikka ko‘ra, og‘ir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari ko‘magisiz qolganligi natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

“Onalar maskani"da:

  • og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar va ularning bolalari (4 yoshga to‘lmagan) 1 yilgacha bo‘lgan muddatga ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana bilan ta’minlanadi;
  • og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, ularda onalik va kasbiy ko‘nikmalar shakllantiriladi;
  • “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarning kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Toshkent viloyatida issiq suv va isitish ta`minoti narxlari oshiriladi

Toshkent viloyatida issiq suv va isitish ta’minoti narxlari oshiriladi. Xususan, “Issiqlik manbai” boshqarmasi tomonidan aholi uchun 1 Gkal issiqlik energiyasiga 93 464 so‘m (amalda — 81 312 so‘m) belgilandi.

“Angren issiqlik energiyasi” tarif qiymatini 93 508 so‘m (81 312 so‘m), Chirchiq “Issiqlik energiyasi” korxonasi — 101 301,2 so‘m (88 088 so‘m) va “Olmaliq issiqlik manbai” 100 800 so‘m (92 252,16 so‘m) etib belgiladi. Barcha narxlar QQS bilan hisoblangan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing