O‘zbekistonda mingdan ziyod avtomaktab ishlamayapti. Nega?
O‘zbekistonda mingdan ziyod avtomaktab ishlamayapti. Nega?
O‘zbekistonda transport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlashga ixtisoslashgan nodavlat o‘quv muassasalari 2024 yil fevralidan beri to‘laqonli ishlayotgani yo‘q. Ko‘plab xususiy avtomaktablar o‘rganuvchilarning yangi guruhlarini ro‘yxatdan o‘tkaza olmayapti. Oqibatda haydovchilik guvohnomasini olish uchun avtomaktabda o‘qishni istovchilar va shu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar qiyin ahvolda qolgan.
Nega yuzlab nodavlat avtomaktablar ishlamayapti?
O‘zbekistonda 2023 yil oxirigacha 1400 dan ortiq nodavlat avtomaktab bor edi. Hozir ularning bor-yo‘g‘i 80 dan ortig‘i faoliyatini davom ettiryapti. Masalan, Xorazmda 23 ta, Namanganda 19 ta, Buxoroda 17 avtomaktab ishlayotgan bo‘lsa, Surxondaryo, Navoiy, Jizzax viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasida «prava» olishga tayyorlovchi biror xususiy muassasa ishlamayapti.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatidan ma’lum qilishlaricha, aksariyat xususiy avtomaktablar litsenziya talablariga javob berolmagani uchun, jumladan, avtomaktab hududiga belgilangan miqdorda kuzatuv kameralari o‘rnatilmagani, o‘quv joylarining sifati pastligi, eng asosan — belgilangan talab darajasidagi avtodromi yo‘qligi uchun faoliyatini to‘xtatgan.
avtomaktab, maktab, avto, O'zbekiston