14:56 / 24.01.2025
158 286

“Asaka Motors"da Wuling N111 miniveni ishlab chiqarila boshlandi

Avtomobil 82 ot kuchiga ega bo‘lgan 1,2 litrli injektor atmosferali dvigatel bilan jihozlangan. O‘rtacha yonilg‘i sarfi 100 km uchun — 6,3 litr.


 

Sirdaryo viloyatidagi “Asaka Motors” zavodida Wuling N111 avtomobili ishlab chiqarila boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

23-yanvardan ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan mazkur miniven Xitoyda 2012-yildan beri Wuling Sunshine nomi ostida “SAIC-GM-Wuling” konsorsiumi tomonidan ishlab chiqariladi.

Wuling N111 82 ot kuchiga ega bo‘lgan 1,2 litrli injektor atmosferali dvigatel bilan jihozlangan. O‘rtacha yonilg‘i sarfi 100 km uchun 6,3 litrni tashkil etadi va yonilg‘i baki hajmi 38 litrga teng.

Avtomobilning uzunligi 3,8 metrni, kengligi 1,5 metrni, balandligi esa 1,8 metrni tashkil etadi. U 7 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. Shuningdek, standart to‘plam konditsioner, antiblokirovka tizimi (ABS) va boshqa xavfsizlik elementlarini o‘z ichiga oladi.


“Asaka Motors International” kompaniyasi boshqaruvi raisi Avazbek Jalilovning ta’kidlashicha, hozirda Wuling N111 avtomobili uchun oldindan buyurtma berish mumkin.

2024-yilning yozida “Asaka Motors” zavodi Hyundai avtomobillarini ishlab chiqarishni boshladi. O‘shanda Koreya brendining oltita modeli — Elantra va Sonata sedanlari, Palisade, Santa Fe va Tucson krossoverlari hamda Staria minivenlari ishlab chiqarilgan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing