Yuqori talabga ega modellar tanlab olinadi — “Geely” O‘zbekiston bozoriga kirish jarayoni haqida
Yuqori talabga ega modellar tanlab olinadi — “Geely” O‘zbekiston bozoriga kirish jarayoni haqida.
“Geely Uzbekistan” direktori mamlakat bozoriga kirishda uchrashi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar qatorida raqobat, mahalliy ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish hamda ehtiyot qismlar ta’minoti kabilarni qayd etdi.
2025-yilning ikkinchi choragiga borib, Xitoyning “Geely” avtomobil brendi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirgan. Hozirda kompaniya mamlakat bozorini o‘rganmoqda.
“Geely Uzbekistan” direktori Ao Ningning kompaniyaning avtomobilsozlik sanoatidagi qarashlari, brend tomonidan ishlab chiqarilayotgan elektromobillar hamda joriy etilayotgan yangi texnologiyalar, shuningdek, O‘zbekiston bozoriga kirish jarayoni haqida so‘zlab berdi.
Dunyoning 80dan ortiq mamlakatlarida 800dan ziyod savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga ega “Zhejiang Geely Holding Group” hozirda “Geely”, “Lynk & Co”, “Zeeker” “Volvo” hamda “Polestar” kabi bir qator brendlar nomi ostida avtomobillar ishlab chiqaradi.
“Geely Auto” elektromobillari kompaniya tomonidan yaratilgan “Galaxy Electric Architecture” (GEA) platformasi asosida ishlab chiqariladi, bu esa barcha foydalanuvchilar uchun qulay bo‘lgan takomillashtirilgan mobillik tajribasini taqdim etadi.
Ana shunday modellar qatorida “Geely EX5” elektromobili ham bor. Mazkur krossover Xitoy bozorida sotuvga chiqarilganidan keyingi 100 kun ichida 50 ming donadan ortiq sotilgan. Hozirda uni global bozorga olib chiqishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
“Geely EX5” 218 ot kuchiga ega bo‘lib, u 160 kVt quvvatli dvigatel hamda “11-in-1” elektr uzatmasi bilan jihozlangan. Elektromobil 100 km/soat tezlikka 6,9 soniyada erisha oladi. Uning 30−80% quvvatlanishi vaqti 20 daqiqani tashkil etadi.
“InfiMotion” kompaniyasi (“Geely Holding Group"ning sho‘ba korxonasi — “Spot” izohi) tomonidan taqdim etilgan “11-in-1” texnologiyasi an’anaviy elektromobillarda alohida ishlovchi komponentlar — motor, invertor, transmissiya va sovutish tizimi kabi tarkibiy qismlarni bitta ixcham blokda birlashtirgan tizimdir.
Uning muhim xususiyati moyli sovutish tizimi bo‘lib, elektromobil yuqori tezlikda harakatlanganda ham elektr uzatma dvigatelning optimal haroratini saqlaydi va qizib ketishining oldini oladi. Yuqori samaradorliga va yengil vazni yurish masofasiga ijobiy ta’sir qiladi va energiya sarfini kamaytiradi.
Ao Ningning ta’kidlashicha, avtomobilsozlik sanoatida elektrlashtirishga o‘tish sotuvda raqobatga nisbatan muhim, chunki bu kompaniyaning mavjud imkoniyatlarini har tomonlama sinovdan o‘tkazish imkonini beradi.
“Barqaror rivojlanishga erishish uchun turli bozorlarda foydalanuvchilarning o‘ziga xos ehtiyojlarini tushunish va moslashtirilgan mahsulot hamda yechimlarni taqdim etish muhim, deb hisoblaymiz”, — deydi u.
Kompaniya akkumulyator, avtonom haydash va boshqa asosiy texnologiyalarda davom etayotgan innovatsiyalar, emissiyalarni kamaytirish hamda barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish majburiyatini bergani sababli Xitoyda elektromobillarning istiqboliga ishonadi.
“Geely” so‘nggi 10 yilda ilmiy-tadqiqot ishlariga 200 mlrd yuan ($27,46 mlrd)dan ortiq investitsiya mablag‘larini yo‘naltirgan. Bu yo‘nalishda kompaniya mutaxassislari soni 30 ming nafardan ortiqni tashkil etadi.
Xitoyning Chjetszyan viloyati, Ningbo shahrida joylashgan Tadqiqot va ishlab chiqarish markazi (Research and Development Center — R&D Center) 2003-yilda tashkil etilgan. U “Geely Auto” uchun keng qamrovli innovatsiya markazi sifatida faoliyat yuritadi.
Ilimiy-tadqiqot markazi dizayn, ishlab chiqarish, sinovdan o‘tkazish, sinov ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga, sifatni nazorati ta’minlaydi hamda ta’minotchilar bilan muntazam hamkorlik olib boradi.
Markazning yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan tizimi boshlang‘ich g‘oyadan to yakuniy ishlab chiqarishgacha bo‘lgan qiymat zanjirini qamrab oladi.
Joriy yilning o‘n oyida kompaniya avtomobillarining jami savdo hajmi 1,72 mln donaga yetib, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32%ga o‘sdi. Xorijga eksport esa 347 ming donani (62%) tashkil etdi.
Geely, Yuqori, talabga, ega, modellar, tanlab, olinadi




