Avazjon Karimov O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasining raisi etib saylandi
Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tkazilgan navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasiga yangi rais etib saylandi.
Sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, faxriylar va murabbiylar ishtirok etgan konferensiya avvalida federatsiya raisi o‘rinbosari Rinat Axmadulin 2021-2024 yillarda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etdi.
Konferensiyada federatsiya Ijroiya qo‘mitasi tomonidan sport vazirining o‘rinbosari Avazjon Karimov nomzodi mamlakat chim ustida xokkey federatsiyasi raisligiga ilgari surildi.
Ishtirokchilar nomzodni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi va A.Karimov O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi raisi etib saylandi.
Tadbir davomida O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi mutaxassislari "Los-Anjeles-2028" yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha qilinayotgan ishlar, kelgusi rejalar xususida to‘xtalib o‘tdi.




