“LexAI” platformasi sun’iy intellekt yordamida huquqiy masalalarga javob beradi
Adliya vazirligi tomonidan “LexAI” – sun’iy intellekt yordamida huquqiy masalalarga javob topishga ko‘maklashadigan yagona platforma yaratildi.
Ushbu platformada huquqiy masalalarga javob topishga ko‘maklashadigan yordamchi chat-bot, hujjatlarni huquqshunos ishtirokisiz, konstruktor asosida mustaqil tayyorlashga, ekspertiza qilib berishga, berilgan keyslarga huquqiy amaliyotni tahlil etish asosida javob berishga mo‘ljallangan xizmatlar jamlangan bo‘lib, ularni bosqichma-bosqich joriy etish ustida ish olib borilmoqda.
Hozirda platformaning huquqiy masalalarga oid savollarga sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasidagi hujjatlar asosida onlayn javob berishga mo‘ljallangan “LexAI” – sun’iy intellekt yordamida huquqiy masalalarga javob topishga ko‘maklashadigan chat-bot ishga tushirildi.
Bugungi kunda Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida 48 mingdan ortiq hujjat mavjud bo‘lib, shundan amaldagi hujjatlar soni 34 mingdan, yaxlit hujjatlar soni 28 mingdan, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi hujjatlar soni esa 5,7 mingdan ortiq.
“LexAI” chat-botining yaratilishida huquq va IT sohasidagi tajribali mutaxassislar tomonidan 5 oydan ortiq vaqt davomida ishlar olib borildi va natijada mazkur chat-botda amaldagi 34 mingdan ortiq normativ tusdagi hujjat, shuningdek, 604 milliondan ortiq belgilardan iborat bilimlar bazasi o‘qitildi.
Chat-botning asosiy funksiyalari va logikasi Open source manbalarisiz ishlab chiqilgan.
Mazkur chat-bot kelgusida Call-markazlarni avtomatlashtirish, veb-saytlarda virtual yordamchilarni yaratish imkonini beradi. “LexAI” chat-boti – bu nafaqat oddiy texnologiya, balki hayotimizni yaxshilashga imkoniyatdir.




