Agrar sohada qo'shimcha imkoniyatlar ishga solinib, aholi daromadlari oshiriladi
Agrar sohada qo'shimcha imkoniyatlar ishga solinib, aholi daromadlari oshiriladi.
Kecha qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda vazirlik markaziy apparati, departament va boshqarma boshliqlari ishtirok etishdi.
Yig'ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish, ish o‘rni va investitsiyani ko‘paytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishidagi topshiriqlar ijrosini ta'minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, Toshkent viloyatida bog'dorchilikni yanada rivojlantirish, uzum plantatsiyalarini kengaytirish borasida amalga oshiriladigan kelgusi ishlar belgilab olindi. Bundan tashqari, foydalanilmayotgan yerlarni amaliyotga joriy etish, bu orqali aholi daromadlarini oshirishga erishish zarur ekanligi ham qayd etib o'tildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida meva-sabzavot eksport hajmini oshirish borasida ham takliflar ishlab chiqqan holda, yaxlit dastur yaratish kerakligi, bunda har bir tuman miqyosida ish olib borish zarurligi ta'kidlandi.
Yig'ilish davomida Qoraqalpog'iston Respublikasi, Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlari kesimida tuman drayverlarini ishlab chiqish borasidagi ayni jarayonlar ham muhokama qilindi hamda bu borada mas'ullarga tegishli topshiriqlar berib o'tildi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov yig'ilish yakunida ijro masalalariga to‘xtalar ekan, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar loyihalari tayyorlanishi ustidan shaxsiy nazoratni tashkil etish, ushbu hujjatlarni ijrochilarga tezkor yetkazilishi, mazkur hujjatlar ijrosi amalda nazorat qilinishini shaxsan tashkil etish hamda o‘z vaqtida, to‘liq va natijali ijro etilishini ta’minlash ijro intizomini mustahkamlashdagi asosiy vazifalardan biri ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
soha, xabar, imkoniyat, Ibrohim, Abdurahmonov




