O‘zbekiston va Xitoy: Qishloq xo‘jaligida istiqbolli hamkorlikni rivojlantirish yangi bosqichga ko’tarilmoqda
O‘zbekiston va Xitoy: Qishloq xo‘jaligida istiqbolli hamkorlikni rivojlantirish yangi bosqichga ko’tarilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar ko‘plab strategik yo‘nalishlarda, jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida ham faol rivojlanmoqda. Xitoyning ilg‘or texnologiyalaridan foydalanish, yer resurslarini boshqarishda innovatsion yondashuvlarni joriy etish va yuqori samaradorlikka erishish ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ayni shu hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov Xitoyning “China Siwei Surveying and Mapping Technology Co, Ltd.” kompaniyasi bosh direktori janob Zhang Xiaodong boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi. Unda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qishloq xo‘jaligida yer resurslarini masofadan zondlash texnologiyalari (YEOKT)dan foydalanish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ko’rib chiqildi.
Maqsad “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va ushbu sohadagi amaliy masalalarni muhokama qilishdan iborat.
Mazkur yig’ilishda janob Zhang Xiaodong Xitoyning yuqori va ultra yuqori aniqlikdagi masofadan zondlash yo‘ldoshlari imkoniyatlari, YEOKT asosidagi turli sohalar uchun amaliy yechimlar hamda texnik o‘quv dasturlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasidagi muammolarni samarali hal qilishda masofadan zondlash texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xususan, ekin maydonlarining monitoringi, hosildorlikni baholash, suv resurslarini boshqarish va favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Yakunda, YEOKT texnologiyalarini qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘llashni kengaytirish, texnik o‘quv dasturlarini tashkil etish, innovatsion loyihalarni yo‘lga qo‘yishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ta’kidlash o’rinliki, mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligida innovatsion yechimlarni joriy etish hamkorligining mustahkamlanishiga xizmat qilib, ikki mamlakat uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
O‘zbekiston, Xitoy, Qishloq, hamkorlik, 2024, 2024 yil, xabar




