Jizzaxda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni nishonlandi
Jizzaxda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni nishonlandi.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan yurtimizda har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni – “Hosil bayrami” sifatida keng nishonlanadi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, bu kun rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari – mirishkor dehqon va fermerlar, zaxmatkash chorvador hamda pillakorlar, mohir suvchilar, mexanizator va agronomlar, sohaning jonkuyar xodimlariga chuqur hurmat va minnatdorchilik bildirish kunidir.
Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni – “Hosil bayrami” sana munosabati bilan bayram tadbirlari o‘tkazilayotgani ham buning ayni dalilidir.
Jumladan, sana munosabati bilan, Jizzax viloyati hokimligi anjumanlar saroyida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni – “Hosil bayrami” munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda viloyatda qishloq xo‘jaligi sohasida yuqori hosildorlikka erishgan fermer xo‘jaliklari, klasterlarning xodimlari, ilg‘or tomorqachilar, olimlar, suvchi-irrigatorlar, mexanizatorlar, agronomlar, qo‘yingki, tizimning eng fidoyilari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir yakunida agrar sohada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan, yurtimiz qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan, bu borada o‘ziga xos maktab yaratgan jizzaxlik soha fidoyilariga vazirlik va viloyat hokimligi mas'ullari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi fidoyisi” koʻkrak nishoni topshirildi.
Viloyat va respublikaning taniqli san’atkorlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi bayram qatnashchilariga zavq-u shavq ulashdi.
Jizzax, 2024, 2024 yil, qihloq, xo'jaligi, Hosil, bayrami




