13:44 / 17.03.2025
72 054

O‘zbekiston xalq rassomi O‘rol Tansiqboyevning asarlari Olmaotada namoyish etiladi




19 martdan 1 iyungacha Olmaota shahridagi Abilxon Qasteyev nomidagi Davlat san’at muzeyida O‘rol Tansiqboyevning so‘nggi 40 yil davomidagi ilk keng ko‘lamli ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Ko‘rgazma “O‘rol Tansiqboyev: ijod saylanmasiga nazar” deb nomlanadi.

Qayd etilishicha, ekspozitsiyada O‘zbekiston va Qozog‘iston muzeylaridan 78 ta eng sara asarlar taqdim etiladi.

“Ko‘rgazma nafaqat buyuk rassom xotirasiga yuksak hurmat ifodasi, balki ikki qardosh mamlakatlar badiiy merosini birlashtiruvchi muhim madaniy voqeaga aylanadi”, — deb ta’kidladi Mirziyoyeva.

1904—1974 yillar oralig‘ida yashab ijod qilgan O‘rol Tansiqboyev rassom va rangtasvir ustasi bo‘lgan. Uning “Kurash”, “Karvon”, “O‘tov”, “Urush yo‘llarida”, “O‘zbekistonda bahor” va yana o‘nlab mashhur asarlari mavjud. Tansiqboyev 1944 yilda “O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Bundan tashqari, rassom — Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati. Vafotidan so‘ng u “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing