09:52 / 07.02.2025
51 135

O'zbekistonlik yigit 11 oylik chaqaloqni qutqarib qoldi UzNur.uz

O'zbekistonlik yigit 11 oylik chaqaloqni qutqarib qoldi 


 

Rossiyada haydovchilik qilib yurgan oʻzbekistonlik yigit qishki kiyimsiz Moskva viloyatining Stanovoe qishlogʻi yaqinidagi trassaga chiqib kelgan oʻn bir oylik chaqaloqning hayotini saqlab qoldi.

Yigitning REN TVga soʻzlab berishicha, u yoʻlda birinchi oq narsasini koʻrib qolgan va bu narsa chaqaloq ekanini xayoliga ham keltirmagan. Keyin darhol toʻxtab, bolaga yordam berish maqsadida mashinadan yugurib tushgan va qizaloqni mashina ichiga olgan. Chunki chaqaloqning kiyimlari yupqa boʻlib, ancha sovqotgan boʻlgan. 

“U yigʻlar edi. Uning barmoqlari, yuzi, butun tanasi muzlab qolgan edi”, deydi xaloskor. 

Yigit mashinaga mingach chaqaloqni qalin yopinchiqqa oʻragan va ulov pechkasini yoqib, qizchani isitish uchun qoʻllarini ishqalay boshlagan. Bu vaqt oraligʻida u politsiya va tez yordamni ham chaqirgan.

Oradan ozroq vaqt oʻtgach mashinaga bir ayol yaqinlashgan va u chaqaloqning buvisi ekanini aytgan. Yigit shunday boʻlsa-da, bolani ayolga bermay, huquq-tartibot xodimlari va shifokorlarni kutishini bildirgan.

Keyinchalik bu ayol haqiqatan ham chaqaloqning qarindoshi ekani oydinlashgan. Xabarga koʻra, u yaqindagina psixiatriya boʻlimida davolanishni yakunlagan. 

 REN TV maʼlum qilishicha, tunda bolaning ota-onasi uxlab yotgan vaqtda buvisi nabirasini olib uydan chiqib ketgan.

Qoʻshimcha qilinishicha, qizaloqqa birinchi darajali sovuq urish tashxisi qoʻyilgan. U hozirda uyida, ambulator sharoitda davolanmoqda. 

Chaqaloqning ota-onasi farzandini qutqarib qolgani uchun minnatdorchilik sifatida mukofot puli taklif qilgan, biroq yigit pulni chaqaloqning ehtiyojlariga sarflash yaxshiroq ekanini aytgan.


11oylik, o'zbekistonlik, chaqaloq
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing