Ispaniya va Kanadaning Oʻzbekistondagi yangi elchilari tayinlandi

Kecha, 18-fevral kuni TIVda Kanadaning Oʻzbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Kristofer Duggan Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda vazir oʻzining Telegram kanalida xabar berdi.

“Hozirda Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari faol tashqi siyosat olib bormoqda. Mintaqamizning global roli ham kengayib bormoqda. Biz Oʻzbekiston va Kanada aloqalarida hali roʻyobga chiqmagan katta salohiyat koʻrmoqdamiz”, deb yozadi TIV rahbari.
Saidov soʻzi davomida Kanada elchisiga faoliyati davomida ikki mamlakat oʻrtasida mavjud koʻpriklarni mustahkamlash va yangilarini barpo etishda muvaffaqiyatlar tilagan.
Tashqi ishlar vaziri shu kunning oʻzida Ispaniyaning Oʻzbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Rikardo Martines Vaskesning ham ishonch yorliqlari qabul qilib olinganini ma`lum qildi.

“Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar dinamikasi yuqoriga qarab ketayotgani yaqqol namoyon boʻlmoqda. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari birgalikda hayotga tatbiq etishi lozim boʻlgan ulkan imkoniyatlarni alohida eʼtirof etdik. Janob elchiga ikki davlat hamkorligining yangi yoʻnalishlarini rivojlantirishda va samarali faoliyat olib borishida omad tilaymiz”, deb yozadi Baxtiyor Saidov.




