15:40 / 15.02.2025
37 960

Rossiya Federatsiyasining Oltoy Respublikasida 6,4 magnitudali zilzila yuz berdi

 

Bugun, 15 fevral kuni Rossiya Federatsiyasining Oltoy Respublikasida 6,4 magnitudali zilzila yuz berdi. Bu haqda Oltoy Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yer silkinishlari butun respublika va Oltoy o‘lkasining sharqiy qismida, shuningdek, Tuvaning bir qancha hududlarida sezilgan.

Vazirlikka ko‘ra, zilzila mahalliy vaqt bilan 8:48 da sodir bo‘lgan. Zilzila epimarkazi Qo‘sh-Og‘och tumanidagi Stariy Beltir qishlog‘i yaqinida joylashgan.

Respublika rahbari Andrey Turchak viloyat hokimiyati va qutqaruvchilarga barcha tumanlardagi ijtimoiy ahamiyatga ega hududlarda zarar bor-yo‘qligini tekshirishni buyurgan. Qo‘shni Oltoy o‘lkasining Barnaul shahri meri Vyacheslav Frank shahar hokimiyatiga vaziyatni nazoratda ushlab turish va fuqarolarning murojaatlariga zudlik bilan javob berishni topshirgan.

Qayd etilishicha, Andrey Turchak 6,4 magnitudali zilziladan so‘ng yuqori ogohlantirish rejimi joriy etilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar yo‘q. Bir qator hududlarda zarar qayd etilgan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing