13:31 / 11.02.2025
44 457

Tramp HAMASga jiddiy talab qoʻydi. Aks holda “jahannam” vaʼda qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp Falastinning HAMAS harakatidan shanba kuni tushlikkacha barcha garovga olinganlarni ozod etishni talab qildi.

“Agar shanba kuni soat 12:00 ga qadar ularni qaytarib olmasalar... Shundan soʻng jahannam ochilib ketadi”, dedi Tramp.

Dushanba kuni ertalab Falastinning HAMAS harakatining harbiy qanoti vakili Abu Ubeyda guruh “Isroil kelishuvga rioya qilmayotgani” sababli shanba kuni rejalashtirilgan garovga olinganlarni ozod qilishni kechiktirishga qaror qilganini maʼlum qilgandi. Isroil tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar orasida Ubeyda koʻchirilganlarning Gʻazo sektori shimoliga qaytishi kechikayotganini va Falastin anklaviga gumanitar yordam yetkazilishi bilan bogʻliq muammolarni qayd etdi.

Shu yilning 19-yanvardan beri Gʻazo sektorida Isroil va HAMAS oʻrtasida Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslar evaziga isroillik garovga olinganlarni ozod qilish boʻyicha erishilgan kelishuv doirasida sulh amalda.

Kelishuvning birinchi bosqichi doirasida allaqachon beshta almashinuv amalga oshirildi. Shu tariqa, Isroil 21 nafar garovdagini, jumladan besh nafar Tailand fuqarosini qaytarishga muvaffaq boʻldi. Gʻazoda hamon 76 nafar garovga olingan qolayotgani, ularning yarmiga yaqini halok boʻlgani taxmin qilinmoqda.

15 oydan beri davom etayotgan qarama-qarshilik oqibatida 46 ming nafar falastinlik va 1500 ga yaqin isroillik halok boʻldi. Mojaro Livan va Yamanga tarqaldi va Isroil va Eron oʻrtasida raketa almashinuviga sabab boʻldi.

 


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing