15:21 / 10.02.2025
46 049

Netanyaxu HAMAS ozod qilgan isroillik asirlarning ozib ketganidan gʻazabda

 

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu HAMAS bilan oʻzaro tinchlik kelishuvi asosida ozod qilingan isroillik uch asirning ozib ketgani sabab HAMASga qarshi jiddiy tahdidlar yoʻlladi. Bu haqida “The Times of Israil” nashri xabar berdi.

Unga koʻra, ozod etilgan asirlarning ancha vazn yoʻqotganiga guvoh boʻlgan Netanyaxu HAMAS harakatini yoʻq qilishga vaʼda bergan.

“HAMASning qanchalik rahmsiz ekanligini koʻrdingiz, ular bizning fuqarolarimizni oʻldirgan va asirga olinganlarni haqorat qilgan”, — deydi u.

Shuningdek, bosh vazir asirlikda qolayotgan barcha isroilliklarni vataniga qaytarish uchun hamma narsaga tayyorligini bildirdi. Shundan soʻng, Isroil hukumati oʻzaro tinchlik kelishuvida faol boʻlgan muzokara guruhiga asirlar xavfsizligini kafolatlash lozimligi boʻyicha jiddiy talablar qoʻygan.

“Men prezident Tramp bilan gaplashdim. Biz barcha garovga olinganlarni qaytarish uchun hech narsadan qaytmaymiz. Ammo u vaqtda HAMAS degan harakat mavjud boʻlmaydi, biz ularni yoʻq qilamiz», — deb qoʻshimcha qilgan Isroil bosh vaziri.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Isroil hukumati tomonidan ozod qilingan falastinlik jurnalist Rula Hassanein qamoqda oʻtkazgan 10 oy muddati davomida uning yoniga birorta ham tashrif buyuruvchilarga ruxsat berilmagani, hatto, 9 oylik farzandini koʻrsatishmagani haqida hikoya qilib bergandi.

Maʼlumot uchun, jurnalist ayol Isroilning Gʻazo va Gʻarbiy Sohildagi harbiy tajovuzlari haqida yozgan postlari uchun Isroil hukumati tomonidan hibsda saqlangan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing