11:03 / 01.09.2025
36 287

Afgʻonistonda kuchli zilzila: 250 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, yuzlab odamlar jarohatlandi

 


31-avgust kuni soat 23:47 da Afgʻonistonning Hindikush tog‘larida 6,2 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. “Tolonews” xabariga ko‘ra, Kunar viloyatida sodir bo‘lgan yer qimirlashi oqibatida 250 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 500 ga yaqin odam jarohat olgan. Eng ko‘p talafot Nurgal, Savkay, Vatapur, Manogay va Chapa Dara tumanlarida qayd etildi. Bir nechta qishloqlar ko‘chki ostida qolgan bo‘lib, qutqaruvchilar hanuz yuzlab insonlarni izlamoqda.

 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mudofaa, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari guruhlari voqea joyiga yetkazilgan. Jarohatlanganlar havo yo‘li orqali Nangarhor mintaqaviy shifoxonasiga olib ketilmoqda. “Tolibon” hukumatining matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid mahalliy rasmiylarga mavjud imkoniyatlarni ishga solib, qutqaruv ishlarini jadallashtirish topshirig‘ini bergan.

 

AQSh Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotlariga ko‘ra, zilzilaning epitsentri Jalolobod shahri yaqinida bo‘lgan. Dastlabki 6,0 ballik silkinishdan keyin 5,2 va 4,7 ballik aftershoklar ham kuzatilgan. Kuchli silkinishlar faqat Kunar emas, balki Nangarhor, Lagmon viloyatlarida ham talafotlarga sabab bo‘ldi. Shuningdek, yer qimirlashi Kobul va Pokistonning Xaybar-Paxtunxva hududida ham sezilgan.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing