Djurayev Olimjon Urazaliyevich Sirdaryo viloyati Guliston tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.
Xalq deputatlari tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, tumanda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, yangi investitsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, eksport hamda qator sohalar bo‘yicha qoloqlikka yo‘l qo‘yilayotganligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Gulistonni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish borasida tuman birinchi rahbarining harakatlari yetarli emas. Deputatlar ham hududda ishga solinmagan imkoniyatlar haqida gapirgan.
Shu sababli 2023-yilning iyul oyidan buyon tuman hokimi lavozimidaishlab kelgan Ulmasjon Mamadaminov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Olimjon Djurayev 1982-yilda Sirdaryo viloyati Guliston tumanida tug‘ilgan. 2004-yilda Guliston davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha iqtisodchi.
U tayinlovga qadar tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan.