Supurgi orasiga yashirilgan “gashish” DXXning qoʻliga tushdi
Bojxonadagi “tomosha” oʻxshamay qoldi yoxud supurgi orasiga yashirilgan “gashish” DXXning qoʻliga tushdi.

2 984 dona supurgi dastaklaridan ajratib olingan oʻramlarda oʻtkir hidli toʻq jigarrang giyohvandlik vositalari borligi aniqlangan.
DXX Chegara qoʻshinlari tomonidan Bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarini Respublikamizga olib kirishga boʻlgan navbatdagi urinish bartaraf etildi.
2025-yil 9-fevral kuni Surxondaryo viloyatidagi “Termiz avtoyoʻllari” xalqaro oʻtkazish punkti orqali respublikamiz hududidan tranzit tarzida oʻtish uchun kirib kelgan yuk avtotransport vositasini belgilangan texnologik sxema asosida chegara nazoratidan oʻtkazish jarayonida mazkur avtotransport vositasiga ortilgan 13,5 tonna ogʻirlikdagi supurgi xodimlarning diqqatini tortdi.
Shundan soʻng, mazkur avtotransport vositasi “Termiz avtoyoʻllari” xalqaro oʻtkazish punktiga tutash hududdagi “Termiz” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tasarrufidagi bojxona omboriga keltirilib, undagi tovarlar chuqurlashtirilgan koʻrikdan oʻtkazildi.
Aniqlanishicha, yuk avtotransport vositasiga 180 ta qopda supurgi joʻxorisi oʻsimligidan tayyorlangan 22 ming 500 dona xoʻjalik supurgilari ortilgan. Mazkur supurgilarni sinchiklab koʻzdan kechirish davomida, 2 ming 986 dona supurgilarning dastaklari orasiga aynan supurgi rangiga mos ravishda sariq rangdagi yelim-tasma bilan oʻralgan oʻrtacha 25 sm uzunlikdagi polietilen oʻramlar mohirlik bilan yashirilgani fosh boʻldi.
Ushbu oʻramlar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ochib koʻrilganida, ularning ayrimlari ichiga oʻrtacha 200 gramm ogʻirlikdagi oʻtkir hidli giyohvandlik vositasiga oʻxshash modda yashirilgani aniqlandi.
Shunday qilib, mazkur holatda 2 ming 984 dona supurgi dastaklaridan ajratib olingan oʻramlardagi oʻtkir hidli toʻq jigarrang giyohvandlik vositalari ekspress analiz natijalariga koʻra, “gashish” giyohvandlik moddasi ekanligi aniqlandi va ushbu zahri qotil ogʻirligi oʻramlari bilan birga 612 kilogrammni tashkil qilmoqda.
Hozirda holat yuzasidan tergovga kadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.




