Toshkent havo iflosligi bo‘yicha dunyoda yana 1-o‘ringa chiqdi
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahri havoning ifloslanish darajasi boʻyicha dunyoning yirik shaharlari orasida birinchi oʻringa chiqdi. “IQAir” portali havo sifati haqida real vaqt rejimida ma`lumot berib, 5-fevral soat 15:10 holatiga koʻra poytaxtimizda PM2.5 zarrachalari miqdori 209 mkg/m³ ga yetganini qayd etdi. Bu koʻrsatkich Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiya etgan meʼyordan 41,2 baravar yuqori boʻlib, “juda zararli” toifasiga kiradi.
Reytingda ikkinchi oʻrinni ham begona shahar “qoʻlga kiritmadi”. Qozogʻistonning Olmota shahri PM2.5 zarrachalari konsentratsiyasi 189 AQI (havo sifati indeksi) ni tashkil etdi. Uchinchi oʻrinda esa Bangladeshning Dakka shahri qayd etilib, unda AQI 183 ga teng boʻldi.
Mutaxassislar bunday yuqori ifloslanish darajasi inson salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirishini taʼkidlamoqda. Aholiga zarurat boʻlmasa, koʻchaga chiqmaslik, ayniqsa, surunkali nafas olish yoʻllari kasalliklariga chalingan fuqarolarga tibbiy niqoblardan foydalanish tavsiya etiladi. Shuningdek, uyga kirgandan keyin yuz-qoʻllarni yaxshilab yuvish, xonada chang toʻplanishiga yoʻl qoʻymaslik, eshik va derazalarni mahkam yopish hamda xonalarni nam latta bilan tozalash foydadan holi boʻlmaydi.
Havoning yuqori darajada ifloslanishi koʻplab omillar, jumladan, sanoat chiqindilari, transport vositalaridan chiqadigan gazlar va tabiiy sharoitlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Mutasaddi tashkilotlar ushbu muammoni hal etish uchun tegishli choralar koʻrishi zarur.




