Dehlini zaharli smog qopladi, havo ifloslanishi rekord darajaga yetdi
Dehlini zaharli smog qopladi, havo ifloslanishi rekord darajaga yetdi.
Hindiston poytaxti Dehlida havoning ifloslanishi yuqori darajaga yetdi, shaharni zaharli smog qopladi. Zararli moddalar konsentratsiyasi JSST tavsiyalaridan 50 baravar oshdi. Megapolisda maktablar va qurilish maydonlari yopildi, yuk mashinalarining kirishi taqiqlandi va aholi ko‘chaga kamroq chiqishga chaqirildi.
Hindiston poytaxti Dehlida havoning ifloslanishi keskin darajaga yetdi, shahar quyuq jigarrang smog bilan qoplangan, deb yozmoqda Guardian, AP va BBC.
IQAir ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:30 da Dehlida havo sifati indeksi (AQI) 513 ga yetdi (51 dan 100 gacha — qoniqarli, 300 dan yuqori — hayot uchun xavfli). Shaharda PM2,5 zarrachalari konsentratsiyasi JSST me’yorlaridan 50−100 martadan ko‘proqqa oshdi. Dushanba kuni AQI 1150 dan oshgandi.
Poytaxtdagi yodgorliklar va baland binolarni smog qopladi, ko‘rinishning yomonlashuvi esa aviaqatnovlar jadvaliga ta’sir qildi, deya qayd etadi AP.
Zaharli havo hukumatni maktablarni yopishga va ularni masofadan o‘qitishga o‘tkazishga majbur qildi (10-, 11- va 12-sinflardan tashqari). Barcha qurilish ishlari to‘xtatildi, shuningdek, shaharga yuk mashinalarining kirishi taqiqlandi (birinchi navbatda zarur bo‘lgan tovarlar ortilgan mashinalar bundan mustasno).
Bundan tashqari, hukumat barcha ofislardan xodimlarning yarmini uydan ishlashga yuborishni so‘radi va bolalar, keksalar va surunkali kasalliklar yoki nafas olish bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan boshqa shaxslarni iloji boricha kamroq ko‘chaga chiqishga chaqirdi.
India, zaxar, ifloslanish, havo, rekord, Delhi




