“Salom Cinema” kinoteatri o‘z faoliyatini to‘xtatdi
Kinoteatr asoschisi Farruh Tulyaganov buni ijara to‘lovlarini qoplashdagi qiyinchiliklar bilan izohladi. Kinoteatrni boshqa kinoteatrlar bilan birga yoki yangi nuqtada ochish rejalashtirilgan.
Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Salom Cinema” kinoteatri o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda kinoteatr asoschisi Farrux Tulyaganov ma’lum qildi.
Xususan, kinoteatr faoliyati 20-yanvardan boshlab yakunlangan. 19-yanvar tunidan 20-yanvar tonggiga qadar binodan barcha jihozlar olib tashlangan.
“Endi ijara to‘lovini ko‘tara olmaydigan bo‘ldik. Daromad yo‘q edi demayman, mijozlar soni yomon emasdi, lekin baribir 5−6 yil avvalgidek bo‘lmadi”, — dedi Tulyaganov.
Shuningdek, u barcha jihozlar saqlab qo‘yilganini hamda kinoteatrni boshqa joyda ochish ko‘zda tutilganini ta’kidladi. Tadbirkor buni boshqa kinoteatrlar bilan birga yoki yangi manzilda tashkil etish imkoniyatini o‘rganmoqda.
“Salom Cinema” 2017-yilning 4-mayidan faoliyatini boshlagan. Kinoteatr 6 ta tomosha zalidan iborat bo‘lgan. Ochilgandan ikki oy o‘tgach, kinoteatr rentabellikka chiqqan. Xususan, ijara haqini to‘lab, reklama xarajatlarini qoplagan, xodimlarga ish haqi berib, biroz daromad qilishga ham ulgurgan.




