10:32 / 09.12.2024
151 814

Cho‘lponning yangi topilgan asari nashr etildi

Cho‘lponning yangi topilgan asari nashr etildi.

Ma’rifatparvar bobolarimizning ijodiy merosi, ayniqsa, hali adabiy jamoatchilikka noma’lum bo‘lgan asarlari doim olimlarni o‘ylantirib kelgan.
Cho‘lpon beqiyos shoir bo‘lishi bilan birga mohir dramaturg ham edi. Ammo uning asarlarining muayyan qismi yo‘qolgan yoki yashirilgan, degan fikrlarni tarixchilar, adabiyotshunoslar doim ilgari suradi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, “Zamona xotini“ ham Cho‘lponning bugunga qadar qo‘lyozma nusxasi topilmagan nodir pyesalaridan biri edi.

Hech kutilmaganda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi fondidan asarning arabiy imlodagi qo‘lyozma varianti topildi.
Eng muhim jihati, qo‘lyozma ustidan Cho‘lpon xati bilan tuzatishlar, izohlar kiritilgan, so‘zboshi ham yozilgan. Asarda zamon shamollari ta’siri sezilsa-da, u halollik, mehnat, inson sha’nini avaylash kabi azaliy qadriyatlar ustiga qurilgan.
Shuningdek, bolasini bag‘riga bosgancha, yangi ijtimoiy munosabatlar ichiga qisinib-qimtinib kirib borayotgan o‘zbek ayoli haqida so‘zlab, to‘g‘rirog‘i, ko‘rsatib beradi.
Mazkur kitobni nashrga tayyorlovchi — Shahnozaxon Nazarova. Kitobga adabiyotshunos olim Jabbor Eshonqulov mas’ul muharrirlik qilgan. Muharrir — Ulug‘bek Xalilov.
Noshir – Ahmad To‘ra. Dizayner – Muhammadxon Yusupov. Ushbu kitob 1000 nusxa adad bilan “Ijod Nashr“ nashriyotida chop etilgan.


uznur, Cho‘lpon, xabarlar, 2024, 2024 yil, kitob
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing