18:47 / 19.12.2024
135 142

Andijondan Suriyadagi terroristik tashkilotlarga pul jo‘natgan shaxs 10 yil 6 oyga qamaldi

 

Andijondan Suriyadagi terroristik tashkilotlarga pul jo‘natgan shaxs 10 yil 6 oyga qamaldi.

Andijon shahridagi oshxonada ishlagan Z.M. 2023-yilning avgust-dekabr oylarida Suriyadagi terroristik tashkilotlarga pul o‘tkazgani uchun 10 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Z.M. ijtimoiy tarmoqlarda diniy-ekstremistik materiallarni tomosha qilib, Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” hamda “G‘uroba katibasi” terroristik guruhlari bilan aloqaga kirishgan. U, shuningdek, Andijondagi 3 fuqaro bilan muloqot qilib, Suriyaga ketishni rejalashtirgan, ammo oilaviy muammolar tufayli bu niyatini amalga oshirolmagan.

U 2023-yilning avgust-dekabr oylari davomida 7150 dollar va 41 million 230 ming so‘m pulni mobil ilovalar orqali kriptovalyuta bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning hisob raqamlariga o‘tkazib, terroristik tashkilotlarga yetkazib bergan.

Bundan tashqari, Z.M. Toshkent shahrida yashovchi ayolni 2023-yilning 19-dekabr kuni “Do‘stlik” chegara punkti orqali Qirg‘izistonga o‘tkazib, uni kelgusida Turkiya orqali Suriyaga yetkazib borishi uchun O‘sh shahridagi aeroportga kuzatib qo‘ygan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida Z.M.ning noqonuniy harakatlari fosh qilinib, jazoga tortildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyadagi 3 nafar andijonlikdan biri qurolli to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan.


Andijondan, Suriyadagi, terroristik, tashkilotlarga, pul, jo‘natgan, shaxs, 10, yil, 10 yil 6 oyga qamaldi, UZNUR
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing