Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirdi
Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz miqdorida o‘zgarishsiz qoldirdi.
Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
So‘nggi ikki oyda yillik inflyatsiya darajasi biroz pasayib, noyabr oyi yakunida 10 foizni tashkil etdi. Inflyatsiyaning pasayishi, asosan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorlashuvi hisobiga yuzaga keldi.
Iqtisodiyotda shakllanayotgan yuqori iste’mol va investitsion faollik yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashi hisobiga xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari narxlarida o‘sish xatarlari saqlanib qolmoqda.
Aholining birlamchi ehtiyojlari doirasidagi ayrim xarajatlarning o‘zgarishi va ob-havo sovushi bilan energiya narxlari erkinlashtirilishining ikkilamchi ta’sirlari yuzaga chiqishi iqtisodiyot sub’ektlarining inflyatsion kutilmalarida ham namoyon bo‘lmoqda. Noyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 13,7 va 12,7 foizgacha tezlashdi.
So‘nggi to‘rt oy davomida bazaviy inflyatsiyaning 7 foiz atrofida sezilarli o‘zgarishsiz shakllanayotgani, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar bazaviy inflyatsiyasining nisbatan yuqori darajalari hamda chakana savdo va xizmatlar sohasida tushumlar hajmlarining oshib borayotgani iqtisodiyotda talab omillari ta’sirining saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, yalpi talabning barqaror o‘sish sur’atlari va mehnat bozoridagi faollik mavjud inflyatsion bosimlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishiga ishora bermoqda. Iqtisodiyotda ish haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining oshib borayotgani aholi daromadlarini real hisobda oshirib, yuqori investitsion faollik sharoitida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Natijada, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 2024 yilning ikkinchi yarmida ham barqaror tendensiyalarni namoyon etib, yil yakunida 6-6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Aholi real daromadlarining oshishi sharoitida iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni samarali jilovlash yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlashni, bu esa, o‘z navbatida, pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.
O‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha barqaror pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarini yetarlicha qat’iy darajada shakllanishi ta’minlab boriladi. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratiladi.
Iqtisodiyotdagi joriy yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda asosiy stavka qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
markaziy, bank, stavka, asosiy, foiz




