O‘zbekiston sun’iy intellektni rivojlantirishga 50 million dollar yo‘naltirmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish hamda ularni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga joriy etish masalalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda infratuzilmani yangilash, kadrlar salohiyatini oshirish va sohani kompleks rivojlantirish vazifalari belgilandi.
Sun’iy intellekt bugungi kunda iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va xavfsizlik sohalarida samaradorlikni oshirish vositasiga aylanib, davlat boshqaruvi va xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda olib borilgan islohotlar natijasida mamlakat xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqorilab, 188 davlat orasida 70-o‘rinni egalladi va Markaziy Osiyoda yetakchiga aylandi.
2030-yilgacha mo‘ljallangan “Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi” doirasida 50 million dollar mablag‘ ajratildi. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etildi va 86 ta loyiha ishlab chiqildi. Shuningdek, zamonaviy hisoblash quvvatiga ega superkompyuter klasteri yaratish ishlari boshlangan.
Prezident ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish, ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish hamda investorlar uchun qulay muhit yaratish zarurligini ta’kidladi.




