Mirziyoyev o‘zbekistonliklarni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi
29-avgust kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida davlat mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, xalqimiz va xorijdagi vatandoshlarni bayram bilan tabrikladi.
U nutqida “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli xalqimiz mustaqillik bergan huquq va erkinliklarni chuqur his qilayotganini ta’kidladi. Uch ming yillik boy tarix va madaniyatimiz qayta idrok etilayotgani, mamlakatimiz esa Uchinchi Renessans sari dadil qadam tashlayotgani alohida qayd etildi. Dunyo miqyosidagi murakkab vaziyatga qaramay, iqtisodiyotimiz barqaror o‘sayotgani ham ta’kidlandi.
Prezident demografik va iqtisodiy jarayonlarga to‘xtalib, aholimiz yiliga o‘rtacha 700–800 ming kishiga ko‘payayotgani, mehnat bozoriga esa 500–600 ming yosh kirib kelayotganini aytdi. Shu bois ta’lim, kasb-hunar va bandlik tizimini rivojlantirish, investitsiya va infratuzilmani mustahkamlash muhim vazifa ekanini urg‘uladi.




