Endi Iordaniyaga ham vizasiz borish mumkin bo‘ladi
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha qo‘shma bayonot imzoladi.
Tashrif doirasida ikki tomonlama muhim hujjatlar qabul qilindi. Ular orasida ekstraditsiya, investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish, qo‘shma komissiya tuzish, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar, turizm, qishloq xo‘jaligi, veterinariya, o‘simliklar karantini, standartlashtirish, din ishlari hamda transport sohasida hamkorlikni ko‘zda tutuvchi bitim va memorandumlar mavjud. Eng e’tiborga molik yangiliklardan biri — O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida viza talablari bekor qilindi.
Muzokaralar natijasida imzolangan hujjatlar ikki davlat o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiy, ilmiy, ta’limiy va madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Shuningdek, amaliy chora-tadbirlar rejasi kelishuvlarning samarali ijrosini ta’minlaydi.




