Toshkentdagi shifoxonalarga order sotayotgan fuqarolar va tibbiyot xodimlari ushlandi
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, fuqaro G.M. Telegram orqali tuman tibbiyot birlashmalarida ishlayotgan tanishlari yordamida poytaxtdagi har qanday shifoxonaga 1,5–2 mln so‘m evaziga davolanish uchun imtiyozli yo‘llanma (order) tayyorlab berishini muntazam e’lon qilib kelgan.
O‘rganish jarayonida G.M.ning sherigi — fuqaro M.Q. yonida M.G.ga tegishli yo‘llanma borligi aniqlangan. Shuningdek, Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasida davolanish uchun beriladigan orderlar ham topilgan. Yo‘llanmani rasmiylashtirish uchun esa Shayxontohur tumanidagi oilaviy poliklinikalardan birida ishlovchi shifokorlarning imzolari va muassasa muhrlari qo‘yilgani ma’lum bo‘lgan.
Poytaxtdagi oilaviy poliklinika va boshqa muassasalar mas’ul shaxslaridan hamda tibbiyot xodimlaridan tushuntirish xatlari olingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va dastlabki tergov harakatlarini olib borish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.




