Mirziyoyev: “Endi futbolni 2–3 barobar ko‘proq qo‘llab-quvvatlaymiz”
18-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilgan Milliy futbol markaziga tashrif buyurdi.
Majmuada bir vaqtning o‘zida 6 ta terma jamoa mashg‘ulot o‘tkaza oladi. Stadionlar, sport zallari, futzal maneji, plyaj futboli maydoni, basseyn, mehmonxona va reabilitatsiya bo‘limi futbolchilar uchun barcha qulayliklarni yaratgan.
Markaz tarkibida Futbol akademiyasi, ilmiy-tadqiqot va tayyorgarlik markazlari, shuningdek, sport tibbiyoti va reabilitatsiya bo‘limi faoliyat yuritadi. Yosh iste’dodlarni saralash va tarbiyalash maqsadida Argentina, Vengriya va Xorvatiyadan mutaxassislar jalb qilingan. Ular murabbiy, hakam, seleksioner va futbol menejerlarini tayyorlashda ishtirok etmoqda. Shuningdek, majmuada zamonaviy VAR markazi ham tashkil etildi.
Prezident o‘z nutqida shunday dedi:
“Biz hamma sohada dunyoda munosib o‘rin egallashga intilyapmiz. Sportchilarimiz irodali g‘alabalari bilan xalqimizning qudratini butun dunyoga ko‘rsatmoqda. Endi futbolni hozirgidan ham 2–3 barobar ko‘proq qo‘llab-quvvatlaymiz. Sizdek yoshlar xalqimizning ishonchi, Prezidentning quvonchisizlar”.




