22:17 / 14.08.2025
12 214

Til sertifikati yo‘q o‘qituvchilar ishdan bo‘shatiladimi? Vazirlik izoh berdi

 


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “til sertifikati yo‘q o‘qituvchilar joriy o‘quv yilida ishdan bo‘shatiladi” haqidagi xabarlarga rasmiy izoh berdi.


Qonunchilikka ko‘ra, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ishlayotgan barcha xorijiy til o‘qituvchilari 2025/2026 o‘quv yiliga qadar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shart. Bu talab 2021-yil 19-maydagi 312-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan bo‘lib, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish va til o‘rganish ko‘nikmalarini oshirish maqsadida joriy qilingan.


Vazirlikning ta’kidlashicha, joriy yil avgust oyida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan xorijiy til o‘qituvchilari uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkaziladi. Bu orqali o‘qituvchilar o‘z til bilimlarini rasmiy tasdiqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.


Shuningdek, vazirlik hech bir hududiy boshqarma yoki tizim tashkilotiga B2 sertifikatsiz o‘qituvchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish bo‘yicha rasmiy topshiriq bermagan. Mehnat shartnomasi qonunchilik asosida ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga binoan hal etiladi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing