10:51 / 12.03.2025
162 926

Farg'onada narkolaboratoriya fosh qilindi

Fargʻona viloyatida qiymati 9 milliard soʻmdan ortiq narkotik moddalar tayyorlangan narkolaboratoriya fosh qilindi

Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda tezkor tadbir oʻtkazildi, deb xabar bermoqda “OʻzA” nashri.

Unga koʻra, oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Fargʻona tumanidagi “Mindonobod” MFYdagi uylardan birida sintetik giyohvandlik vositalari tayyorlash maqsadida tashkil etilgan narkolaboratoriya tashkil etilganligi aniqlangan.

Maʼlum qilinishicha, Margʻilon shahrida yashovchi, 1990 va 2001-yillarda tugʻilgan 3 nafar shaxs mazkur xonadonni oyiga 250 AQSH dollaridan ijara haqi toʻlash sharti bilan olib, u yerda giyohvandlik vositalari tayyorlash bilan shugʻullanib kelayotgani fosh etilgan.

Koʻzdan kechirish jarayonida, ushbu manzildan 8 kg. 185 gr. Alfa-PVP, 4 kg. 209 gr. “Spays”, 427 gr. “Mefedron” sintetik narkotik moddalar hamda ularni tayyorlashda kerak boʻladigan 12 kg. 326 gr. maxsus suyuqlik va 13 kg. 925 gr. tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.

Ekspertiza xulosasiga koʻra, tezkor tadbir davomida olingan jami 12 kg. 821 gr. sintetik narkotik moddalarning qora bozordagi bahosi 9 milliard 185 million soʻmni tashkil etishi aniqlandi.

Dastlabki tekshiruv davomida aniqlanishicha, qonunbuzarlar internet tarmogʻi orqali giyohvandlik vositalari sotish bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh aʼzolari tomonidan “zakladka” usulida yetkazib berilgan xom-ashyo mahsulotlari asosida narkotik moddalar tayyorlagan.

Shuningdek, tayyorlangan narkotik moddalarini viloyat boʻyicha belgilangan xufiya joylarga qoldirib, ularning geolokatsiyasini jinoiy guruh aʼzolariga muntazam yuborib turishgan hamda evaziga uchala shaxsning har biri haftasiga kriptovalyuta koʻrinishida 500 AQSH dollaridan maosh olgan.

“Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 4-qismi «b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi», — deyiladi xabarda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing